Ona tilimizning nufuzini oshirish, uning millat koʻzgusi, milliy gʻururimiz sifatidagi oʻrnini yana-da mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlar oʻz samarasini berayotgani bor gap. Zero, mamlakatimizda boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ilm-fan taraqqiyoti, boshqa davlatlar bilan olib borilayotgan yaqin ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar tilimizda oʻz lisoniy ifodasini topmoqda.
Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti turli sohalarga doir qoʻllanma, izohli lugʻatlarni nashr etish orqali barcha mutasaddi tashkilotlarga amaliy yordam koʻrsatish bilan birga ona tilimizning boyligi, keng imkoniyatlarini namoyon qilib kelayotir.
Departament buyurtmasiga koʻra, yana bir izohli lugʻat dunyo yuzini koʻrdi. Mazkur kitob taqdimoti aynan Toshkent moliya institutida boʻlib oʻtgani bejiz emas. Zero, “Bank-moliya terminlarining oʻzbek tilidagi izohli lugʻati” deb nomlangan qoʻllanma bank-moliya tizimiga munosib kadrlar tayyorlab berayotgan institut oʻqituvchilari faoliyatida muhim oʻrin tutishi aniq. Eng muhimi, ish beruvchilar ham oʻzbek tilini mukammal biladigan mutaxassislarga koʻproq ehtiyoj sezmoqda.
Tadbir avvalida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdugʻaffor Qirgʻizboyev mazkur lugʻat bank-moliya sohasi uchun debocha ekani, kelgusida yuksak salohiyatli mutaxassislar koʻmagida bunday kitoblar davomli chop etilishini aytib, bu borada institut xodimlarini hamkorlikka chaqirdi. Kitob mualliflari – Toshkent Davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professor oʻqituvchilariga gʻoyat muhim, katta ishni amalga oshirganlari eʼtirof etildi. Taqdimotda soʻz olgan institut rektori Toʻlqin Teshaboyev, prorektor Alisher Toʻychiyev va boshqalar ham mualliflarga mashaqqatli vazifani ado etganlari uchun alohida minnatdorlik bildirib, keyingi kitobni nashrga tayyorlashda institut jamoasi asosiy oʻrin tutishini aytib oʻtishdi.
— 2013-yilda davlatimiz rahbarining universitetimizni tashkil qilish toʻgʻrisidagi qarori va unda zimmamizga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, jamoamiz olimlari oldiga harbiy ish, diplomatiya, sanoat, axborot kommunikatsiyalari kabi muayyan sohalarda oʻzbek tilini qoʻllashni kengaytirishga doir qator vazifalar qoʻyilgan edi, — dedi qoʻllanma mualliflaridan biri Saodat Muhamedova. — Shularning orasidan dastlab bank-moliya tizimini tanlab olib, lugʻat mualliflaridan biri Yekaterina Shirinovaga “Oʻzbek tili bank-moliya tizimi terminologiyasi tadqiqi” mavzusida ilmiy ish berdik. Oʻtgan yili u dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ammo izlanish jarayonida sohaga doir oʻzbekcha lugʻatlar yoʻqligi bois juda qiynalgani, faqat rus tilidagi manbalar bilan ishlashga toʻgʻri kelganini aytib, bank-moliya terminlarini kichik boʻlsada, bir kitobga jamlash, izohini keltirish gʻoyasini aytdi. Rektor ham bu taklifimizni qoʻllab-quvvatladi. Natijada qiyinchiliklar bilan boʻlsada, lugʻat yaratishga erishdik. Bu birinchi qadam. Terminlar roʻyxati mingtaga ham yetmagan. Har qanday nazariya amaliyotda munosib baholanadi. Shu maʼnoda bank-moliya sohasi vakillari lugʻatdan foydalanib koʻrishsin. Agar ularning faoliyatida qoʻllanma muhim oʻrin tutadigan boʻlsa, sohada oʻzbek tilining qoʻllanishi kengaysa, albatta yetuk, tajribali mutaxassislar bilan kitobni keyingi nashrlarini ham bajonidil tayyorlaymiz.
Bank-moliya sohasiga oid sakkiz yuzdan ortiq terminlari, tushuncha va iboralar izohini oʻzida jamlagan ushbu lugʻatda berilgan terminlarning amalda qoʻllanishi sohaga oid meʼyoriy hujjatlar, oʻquv adabiyotlari, matbuotdan olingan misollar bilan ochib berilgan.
Kitob Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasi asosida Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Innovatsiya-Ziyo” nashriyoti tomonidan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida nashr etildi. Har galgidek departament tomonidan mazkur lugʻat ham soha doirasidagi barcha korxona va tashkilotlarga, tegishli mutasaddilarga bepul yetkazib beriladi. Shuningdek lugʻatdan bank-moliya muassasalari xodimlari, oliy oʻquv yurtlari talabalari, tadqiqotchilar, soha boʻyicha malaka oshirish kurslari tinglovchilari hamda barcha qiziquvchilar foydalanishi mumkin.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri