Xususan, “X.A.” mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda, 2020-yilda turmush oʻrtogʻi nomiga dehqon xoʻjaligi tashkil etib, uni oʻzi ishlaydigan bank taʼminotchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazgan. 

Soʻngra “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 15 nafar fuqaroga ajratilgan jami 397,3 mln. soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlarini dehqon xoʻjaligi hisob raqamiga oʻtkazib, fuqarolarga naqdlashtirib berishi natijasida ushbu mablagʻlar maqsadsiz sarflangan. Shuningdek, “X.A.” 2021-yilda 3 nafar yaqin tanishi nomiga dehqon xoʻjaliklari tashkil qilib, ularni ham bank taʼminotchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazgan va “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 71 nafar fuqaroga ajratilgan jami 2 mlrd. 182 mln. soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlarini ushbu xoʻjaliklar orqali naqdlashtirib berishi natijasida mazkur mablagʻlar maqsadsiz sarflangan.

Bundan tashqari, 2020-yilda 10 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz hujjatlarni soxtalashtirish yoʻli bilan mini pechlar xarid qilish uchun 60 mln. soʻm miqdorida kredit ajratilishiga erishgan va ularni ham oʻziga tegishli taʼminotchi dehqon xoʻjaligi hisobiga oʻtkazib, talon-taroj qilgan.

Hozirda “X.A.”ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167, 205 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.