Bank mutaxassislari tomonidan pul mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari aniqlandi

    Xavfsizlik 8 Aprel 2021 908

    Sirdaryo va Buxoro viloyatida tijorat banki mutaxassislari tomonidan pul mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari aniqlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sardoba tuman boʻlimi tomonidan “S.N.” fermer xoʻjaligining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB “Agrobank” Sardoba filiali bosh mutaxassisi I.M. boshqalar bilan oldindan til biriktirib, “Gʻalla imtiyozli kredit hisobidan mexanizatsiya xizmatlari uchun oldindan toʻlov” mazmunida fermer xoʻjaligining 77,8 mln soʻm pul mablagʻini asossiz ravishda boshqa subyektlarga oʻtkazib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Xuddi shunday, Departamentning Romitan tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATIB “Ipoteka bank” Buxoro viloyati filiali kassa shahobchasi sobiq kassiri N.H. 98 ta ijro hujjati boʻyicha fuqarolarga goʻyoki qarzdorliklari qoplanganligi toʻgʻrisidagi soxta kvitansiyalarni taqdim qilib, aslida 20,1 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.