Bank aktivlarida xususiy banklar ulushini, shuningdek bank sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini doimiy ravishda baholab borish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar tomonidan “Banklar faollik indeksi”ni ishlab chiqildi. Mazkur indeks ikkita subindeksdan iborat:
- Moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi;
- Moliyaviy barqarorlik indeksi.
Markaz oʻz tadqiqotida 27 ta tijorat banki uchun faoliik indeksini baholaydi.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston bank tizimida 31 ta tijorat banki faoliyat olib bormoqda. Shulardan 13 ta bank davlat ulushi mavjud banklar boʻlsa, 16 ta bank xususiy banklar yoki chet el kapitali ishtirokidagi banklar hisoblanadi. 2019-yil iyul oyidan boshlab Qozogʻiston “Halyk bank”ning shoʻba banki sifatida Tenge bank oʻz faoliyatini boshladi. Payme toʻlov xizmati aksiyalari boshqaruv paketini sotib olgan Gruziyaning TBC banki joriy yil aprel oyidan bank faoliyatini amalga oshirishni boshladi.
Banklar uch guruhga boʻlindi: davlat ulushi mavjud yirik banklar; raqobatchi banklar; markazlashgan banklar:
“2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi”da (bundan buyon – Strategiya) taʼkidlab oʻtilgan bank tizimidagi muammolarni inobatga olib, “Banklar faollik indeksi”ning birinchi subindeksi sifatida moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi hisoblandi.
Ushbu koʻrsatkichni aniqlashda jamgʻarma va muddatli depozitlarning jami kreditlar qoʻyilmalariga nisbati, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablagʻlarning jami majburiyatlardagi ulushi hamda bank aktivlarining shakllanishida hukumatdan olingan moliyaviy mablagʻlarning ahamiyatiga eʼtibor qaratildi.
Tijorat banklarining jamgʻarmalarni bank tizimiga jalb qilish hamda ushbu jamgʻarmalarni moliyaviy va iqtisodiy nuqtayi nazardan eng samarali loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish salohiyati banklarning moliyaviy vositachi sifatida faolligini belgilab beradi.
Moliyaviy vositachilik koʻrsatkichlaridan biri real sektordan jalb qilingan depozitlarning ajratilgan kreditlarga nisbati hisoblanadi. Ushbu koʻrsatkich qanchalik yuqori boʻlsa, “Banklar faollik indeksi”ga ijobiy taʼsir koʻrsatadi va aksincha past boʻlsa, salbiy taʼsir koʻrsatadi. 2020-yil 1-iyun holatiga, bank sektorida aholi depozitlarining kredit qoʻyilmalariga nisbati davlat ulushi mavjud 10 ta yirik bankda oʻrtacha 7,4 foiz, raqobatchi banklarda 32,5 foiz va markazlashgan banklarda 26,3 foizni tashkil etdi. Ushbu raqamlar kreditlar berishda davlat yirik banklari uchun aholi depozitlaridan tashqari majburiyatlarning ahamiyati katta ekanligidan dalolat beradi.
Davlat ulushi mavjud 10 ta yirik bankdan 7 tasida boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi 25 foizdan yuqori hisoblanadi. Xususan, ushbu koʻrsatkich Oʻzmilliy bankda 51,6 foiz, Asaka bankda 50,1 foiz, Oʻzsanoatqurilish bankda 43,2 foiz, Agrobankda 39,8 foiz, Mikrokredit bankda 36,6 foizni tashkil etadi.
Shuningdek, bankning har bir filialiga toʻgʻri keluvchi depozitlar va kreditlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, raqobatchi va markazlashgan banklar ajratilgan kreditlarining katta qismini jalb qilingan depozitlar hisobidan moliyalashtirgan.
Davlat ulushi mavjud yirik banklarning majburiyatlari tarkibida hukumatdan olingan mablagʻlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. 2020-yil 1-iyun holatiga, Qishloq qurilish bank majburiyalarida hukumat mablagʻlari ulushi 40,5 foiz, Ipoteka bankda 31,5 foiz, Agrobankda 27,4 foiz, Mikrokredit bankda 21,2 foiz va Oʻzmilliy bankda 14,9 foizni tashkil etdi.
Moliyaviy ommaboplik
Banklarning moliyaviy ommabopligi kichik va oʻrta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarinining qay darajada ekanligi va “banksiz” qolayotgan aholi qatlamini bank sektoriga jalb qilish darajasini koʻrsatadi.
2019-yilda Jahon banki tomonidan Oʻzbekistondagi 1239 korxona va firmalar orasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, firmalarning faqat 22,2 foizida bank kreditlari/kredit liniyalari mavjud (Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun oʻrtacha koʻrsatkich 37,5 foiz). 15,1 foiz firmalarning kredit olish boʻyicha arizalari rad etilgan (Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun oʻrtacha koʻrsatkich 9,1 foiz). Ushbu omillar hisobga olinsa, bankning har bir filialiga toʻgʻri keluvchi kredit olgan tadbirkorlar soni maʼlum darajada bank xizmatlari ommabopligini oʻlchovchi mezonlaridan biri sifatida qaralishi mumkin.
Ushbu yoʻnalishda Ipak yoʻli bank, Agrobank va Hamkor bank eng yuqori koʻrsatkichlarga ega. Ipak yoʻli bankning har bir filialiga oʻrtacha hisobda 548 ta kredit olgan tadbirkor toʻgʻri kelgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich Agrobank va Hamkor bankda mos ravishda 497 va 467 tani tashkil etadi.
Markazlashgan banklarda 10 ta eng yirik qarz oluvchilarga berilgan kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushi oʻrtacha 54 foizni tashkil etadi. Xususan, 2020-yil 1-iyun holatiga, ushbu koʻrsatkich OʻzKDB bank, Xay-tek bank, Tenge bank, Ravnaq bank, Ziraat bank va Poytaxt bankda nisbatan yuqori hisoblanadi.
Davlat ulushi mavjud yirik banklar guruhida Oʻzmilliy bank va Asaka bank tomonidan top-10 mijozlarga berilgan kreditlarning jami kreditlariga nisbati 50 foizdan yuqori hisoblanadi. Ushbu guruhda 4 ta bankda (Turon bank, Oʻzsanoatqurilish bank, Aloqa bank va Mikrokredit bank) ushbu koʻrsatkich 27 foizdan 39 foizgacha yetadi.
Raqobatchi banklar orasida faqat Oriyent Finans bankning top-10 mijozlari hissasiga kredit portfelining salkam 50 foiziga yaqini toʻgʻri keladi.
Davlat ulushi mavjud 4 ta eng yirik banklarda iqtisodiyotning xususiy sektoriga berilgan kreditlarning ulushi nisbatan past darajada saqlanib qolmoqda. Xususan, ushbu koʻrsatkich Oʻzmilliy bankda 41 foiz, Oʻzsanoatqurilishbankda 59,2 foiz, Agrobankda 56,7 foiz va Asaka bankda 66,5 foizni tashkil etadi.
Banklar faollik indeksi boʻyicha reyting
2020-yil may oyi uchun hisoblangan “Banklar faollik indeksi” boʻyicha reytingning top-3 ligida Kapital bank, Hamkor bank va Aloqa bank joylashdi.
Kapital bank umumiy reytingda (moliyaviy vositachilik va daromad olish salohiyati koʻrsatkichlari boʻyicha reytinglarda ham) 1-oʻrinni egalladi. Xususan, Kapital bankda jamgʻarma va muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati 82 foizgacha oshgan boʻlsa, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi hamda majburiyatlari tarkibida davlat mablagʻlari ulushi bank tizimi oʻrtacha koʻrsatkichidan ancha past hisoblanadi (mos ravishda 3,2 va 0,14 foiz).
Shuningdek, Kapital bankning moliyaviy ommaboplik indeksi boʻyicha yuqori koʻrsatkichlari, xususan 10 ta eng yirik mijozlariga berilgan kreditlar ulushi hamda xususiy sektorga berilgan kreditlarning jami kreditlar hajmiga nisbati mazkur banknig reytingda yuqori pogʻonani egallashiga sabab boʻldi.
Hamkor bank umumiy reytingda 2-oʻrinni (moliyaviy ommaboplik boʻyicha 1-oʻrinni, daromadlilik boʻyicha 2-oʻrinni) egalladi. Xususan, mazkur bank jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar oʻrtacha soni (har bir filialga 4323 kishi) boʻyicha reytingda 3-oʻringa joylashdi. Hamkor bankning top-10 mijozlariga berilgan kreditlar ulushi past darajada (14,3 foiz) hisoblanadi.
Banklar faollik indeksi boʻyicha reyting
Aloqa bank davlat ulushi mavjud yirik banklar orasida hukumat oldidagi majburiyatlarining kamligi, jamgʻarma va muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati yuqoriligi sababli umumiy reytingda 3-oʻrinni egalladi.
Tenge bank, OʻzKDB bank va Poytaxt bank umumiy reytingning soʻnggi uchligida joylashdi. OʻzKDB bankning top-10 yirik mijozlariga berilgan kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushi juda yuqoriligi hamda kreditlarni jamgʻarma va muddatli depozitlar hisobidan moliyalashtirish darajasining pastligi mazkur bank uchun nisbatan past indeks hisoblanishiga sabab boʻldi.
2019-yilda oʻz faoliyatini boshlagan Tenge bank va Poytaxt bankda jamgʻarma va muddatli depozitlarning jami kredit qoʻyilmalariga nisbatining pastligi, Tenge bank majburiyatlarida boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning yuqori ulushi mazkur banklarning “Banklar faollik indeksi” boʻyicha reytingda mos ravishda 25-oʻrin va 27-oʻrinlarni egallashiga sabab boʻldi. Shunga qaramasdan, ushbu banklar likvidlilik darajasi boʻyicha top-3 liderlar hisoblanadi.
*Tadqiqot metodologiyasi va batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan toʻliq hisobotni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan soʻrov boʻyicha olish mumkin.
X.S. Xamidov,
Yetakchi ilmiy xodim
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi