Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda firibgarlar raqamli texnologiyalar vositasida ijtimoiy muhandislik usullarini qoʻllagan holda fuqarolarning nomiga tijorat banklarining mobil ilovalari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirish hamda bank kartasiga tushgan kredit mablagʻlarini P2P oʻtkazmalari orqali noqonuniy oʻzlashtirish holatlari koʻpayib bormoqda.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida firibgarlik yoʻli bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd. soʻm miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Ushbu turdagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida bir qator rivojlangan davlatlarning tajribasi oʻrganib chiqildi va onlayn kredit ajratishda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun Yevropa Ittifoqi, Avstraliya va Rossiya Federatsiyasida 14 kalendar kunlik, AQSHda 3 kalendar kunlik, Kanadada 2 kalendar kunlik “sovish” davri amaliyoti mavjudligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bogʻliq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy qilmoqda. Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.
Unga koʻra, endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish boʻyicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan oʻtishi talab etiladi.
Ushbu talabning oʻrnatilishi kredit olish boʻyicha ariza fuqaroning shaxsan oʻzi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi.
Vaqtinchalik tartibga koʻra, kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari maʼlumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan soʻng hamda kredit mablagʻlari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) oʻtkazadi. Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan boʻlsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi toʻgʻrisida xabar beriladi.
Bu esa, firibgarlar aldoviga uchgan fuqarolar nomiga bir nechta kredit tashkilotidan kredit mablagʻlari ajratilishining oldini oladi.
Bundan tashqari, fuqaro kredit tashkiloti mobil ilovasidan yangi roʻyxatdan oʻtib yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirib, birinchi marta onlayn kredit olganda, mazkur kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida kredit hisobidan P2P amaliyotlar, jismoniy shaxslar hisobvaraqlari va elektron hamyonlarga oʻtkazmalar, mobil aloqa operatorlari orqali telefon raqami hisobini toʻldirish, chet elga pul oʻtkazmalari hamda onlayn valyuta ayirboshlash operatsiyalariga cheklovlar oʻrnatilishi belgilanmoqda.
Mazkur cheklovlarni yechish uchun mijoz 48 soat ichida kredit tashkiloti tomonidan yuborilgan SMS-xabarda qayd etilgan telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qilib, kreditni firibgarlar taʼsirisiz olganligini maʼlum qiladi, kredit tashkiloti xodimi esa mijozga qayta bogʻlanib, berilgan maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirib, qoʻshimcha tasdiqdan oʻtkazadi.
Yuqorida qayd etilgan cheklovlar ajratilgan kredit mablagʻlarini fuqaro oʻz ixtiyoriga koʻra naqdlashtirishiga yoki tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish kabi operatsiyalariga taʼsir koʻrsatmaydi va bu operatsiyalar hech bir cheklovlarsiz amalga oshirilishi mumkin.
Kredit mablagʻlari fuqaroning bank kartasiga oʻtkazilgandan keyin pul mablagʻlari sarflanmagan boʻlsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar taʼsirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qoʻshimcha tasdiqdan oʻtishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablagʻlari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.