Banklarning ustav kapitali miqdori oshiriladi

    Moliya 7 Aprel 2023 1400

    Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisida “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, Qonun bilan banklar ustav kapitali miqdorini 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab 2025-yil 1-yanvargacha bosqichma-bosqich yuz milliard soʻmdan besh yuz milliard soʻmgacha oshirib borish toʻgʻrisidagi talablarni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilyapti.

    Mazkur meʼyorning kiritilishi banklarni kapitallashtirish darajasi hamda resurs bazasini oshirish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qoʻshimcha huquqiy shart-sharoitlar yaratish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha kredit berish imkoniyatini yaratadi.

    Shuningdek, Qonunga koʻra norezidentlar tomonidan banklarning aksiyalarini olishga nisbatan cheklovlar qisman bekor qilinadi. Xalqaro bozorlarda ommaviy joylashtirilgan aksiyalarni sotib olish soddalashtirilyapti.

    Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur Qonunga kiritilayotgan oʻzgartishlar banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali iqtisodiyotdagi tuzilmaviy oʻzgarishlar jarayonlarida ishtirok etishini kengaytirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.