Kuni kecha qabul qilingan “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorda esa oʻsha paytda kuzatilgan bir qator kamchiliklarga yechim koʻrsatilgan.

Hujjatda 2022-yil 1-yanvardan Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat yuritishi belgilangan. Yangi markaz Toshkent shahri Chilonzor tumani Arnasoy koʻchasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolaridan birida joylashadi.

Prezidentimiz tashrif chogʻida ota-onalarga ham sharoit yaratish toʻgʻrisida oʻz mulohazalarini bildirgan edi. Shunga koʻra, qarorda gematologik-onkologik kasallik bilan ogʻrigan har bir bolaning oldida uning davolanishida ishtirok etadigan ota-onasi uchun sharoit yaratish nazarda tutilgan. Yangi markazda bemor bolalar va ota-onalar uchun barcha sharoit muhayyo qilinadi. Bu ancha yillardan beri bemorlar bilan birga shifokorlarning ham orzusi boʻlib kelayotgan edi.

Eʼtiborga molik jihati, ushbu qaror bilan hududlardagi bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida bolalar gematologiya va onkologiyasi boʻlimlari tashkil etilmoqda. Gematologik va onkologik xastalikka chalingan bemor bolalar kattalar statsionarida emas, balki barcha kerakli shartsharoit yaratilgan bolalar statsionarida davolanishi kerak. Bunday bemorlar davolanadigan shifoxonada bir qator mutaxassislar faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq. Yaʼni nafaqat onkologiya va gematologiya, balki urologiya, nevrologiya, neyroxirurgiya, kardiologiya boʻyicha mutaxassislar va, albatta, yuqori texnologik reanimatsion oʻrinlar boʻlishi shart. Qarorda ana shu jihatlarga eʼtibor qaratilgani ancha yillardan beri bu borada yigʻilib kelayotgan muammolarga yechim boʻldi.

Onkologiya va gematologiya kasalliklarini davolash katta mablagʻ va resurs talab etadi. Qarorda onkologik kasalliklar uchun dori vositalarini xarid qilish va onkologiya xizmatini yana-da rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun davlat byudjetidan 2021-yilda qoʻshimcha 60 milliard soʻm, 2022-yildan boshlab esa 125 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻ ajratilishi belgilangan.

Hozir jahonda gematologik kasalliklar 80-90 foizgacha tuzalib ketishi kuzatilmoqda. Bizning boʻlimimizda bu 50-60 foizni tashkil etmoqda. Kasallikni davolashda tashxis qoʻyish, dori-darmon taʼminoti va moliyalashtirish muhim omil sanaladi. Agar dori taʼminoti toʻliq boʻlsa, biz ham jahon standartlariga boʻylashib, bemorlarning 8090 foizi tuzalishiga erishishimiz mumkin.

Qolaversa, qoʻshni mamlakatlardan ham bizga ushbu kasallik boʻyicha koʻp murojaat qilinadi. Qarorda belgilangan vazifalar ijrosi oʻlaroq, ularga ham yordam berish imkoniyati boʻladi.

Viloyatlarda onkogematologiya filiallarining ochilishi ota-onalar sarson-sargardonligining oldini oladi. Kasal bola oilasi bagʻrida, yaqinlari, qarindoshlari davrasida davolanadi. Bu unga ruhiy quvvat boʻladi. Muhimi, oila yaxlitligi saqlanib qolinadi.

Nargiza BOBOXONOVA,

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy

tibbiyot markazi 1-bolalar boʻlimi boshligʻi