O'zbekistonda ijro hokimiyati funktsiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog'liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladigan "Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida"gi qonun qabul qilindi. Qonun vazirlik va idoralar mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tayyorlandi. 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat.
Bundan buyon davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha vazirlik va idoralarda xodimlarni ishga qabul qilish, faoliyati samaradorligini baholash, ularni xizmat pog'onalarida o'stirish, rag'batlantirish yoki intizomiy jazolash va xizmatni tugatish masalalarida har xil yondashuvlarga barham beriladi.
Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o'tgach kuchga kiradi. Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati sohasida vakolatli organ etib — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi.
Bugun barcha vazirlik, idora va tashkilotlarda "Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida"gi qonunini keng targ'ib qilish, mazmun-mohiyatini eng quyi bo'g'inlargacha faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga, ahamiyatini aholimizga etkazish maqsadida Agentlik ma'sul vakillari, siyosatshunoslar, professor-o'qituvchilardan tarkib topgan maxsus ishchi guruhi tuzildi.
Targ'ibot ishlarining birinchi bosqichi 15 avgustdan 19 avgustga qadar reja asosida barcha vazirlik, idora va tashkilotlarda tashkil etilyapti. Xususan, 15 avgust kuni “O'zarxiv” agentligi xodimlari yangi qonun mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishdi. Muloqot avvalida davlatimiz rahbari raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig'ilishida ilgari surilgan dolzarb masalalarga to'xtalib o'tildi. Sohaga oid mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ikki yil davomida chuqur muhokamalar asosida qonun tayyorlanganligi ta'kidlandi. Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat fuqarolik xizmatini tubdan rivojlantirish, xalqimizning hayoti farovonligini oshirish, mamlakatimizda demokratik islohotlarni rivojlantirishda muhim qadam bo'lgani qayd etildi.