Milliy hunarmandchilikning bu turi asrlar davomida rivojlanib oilalarda  voyaga yetayotgan har bir qiz qoʻliga igna olib, onasi, momosidan bu hunarni oʻrganishi odat tusini olgan edi. 

Biroq, qoʻl mehnati bilan bogʻliq bu kabi yumushlarni turli texnika yordamida bajarish amaliyoti kirib kelishi qoʻl mehnati orqali bajariladigan ayrim hunarlar qisman unutilishiga sabab boʻlmoqda. Lekin, kuni kecha koʻhna Keshda tashkil etilgan xalqaro kashtachilik bayramida qadimiy hunarmandchilik qayta jilolandi, desak adashmaymiz.                

“Hunarmand” uyushmasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan Shahrisabz shahri markazida Prezidentimizning “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Xalqaro iroqi kashtachilik festivali oʻtkazildi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri hamda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan va qoʻshni Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Qozogʻistondan kelgan kashtadoʻz hunarmandlar oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro tadbir xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, koʻp qirrali oʻzbek milliy hunarmandchiligining iroqi kashtachiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targʻib etish, ushbu yoʻnalishda turli xalqlar oʻrtasida tajriba almashish, doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, hunarmandchilik anʼanalari va maktablarini saqlash hamda qayta tiklash maqsadida tashkil etildi.

— Mazkur  festivalda ilk bor ishtirok etyapman, — deydi qirgʻizistonlik Begoyim Japarova. — Bizda ham qadimdan kashtachilik yaxshi rivojlangan. Har bir oilada qiz tugʻilsa, onalarimiz qizining sepiga kashta tikishgan. Uni tikish jarayonida chiroyli gullar nusxasi tushirilishi bilan yon qismiga turli xalq maqollarini, hikmatli soʻzlarni ham aynan kashta ipi bilan tikib qoldirishgan. Bugungi tadbirga baʼzi namunalardan olib keldik. 

Festival biz uchun ajoyib oʻtdi. Bir qator doʻstlar orttirdik. Oʻzbek kashtachiligi bilan yaqindan tanishib, usta-hunarmandlar bilan hamkorlik qilishga kelishib oldik.  Shu jarayonda Sohibqironga beshik boʻlgan goʻzal Shahrisabzni ham ziyorat qildik. Menga mamlakatingiz juda yoqdi. Kelgusi safar jamoamiz bilan birga alohida tomosha qilish uchun kelishni niyat qildik.  

Xalqaro tadbirning Shahrisabz shahrida oʻtkazilayotgani bejiz emas. Shahar qadimdan hunarmandchilikning iroqi kashtachiligi rivojlangan madaniy markazlardan biri boʻlib kelgan. Bu yerda nafaqat kashtachilik, balki xalq amaliy sanʼatining turli yoʻnalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Iroqi kashtachiligida usta-shogird anʼanalari ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelingan.

— Iroqi kashtachiligini biz bolaligimizda oʻrganganmiz, — deydi shahrisabzlik hunarmand Umida Zikrillayeva. — Ancha yillardan buyon kashtadoʻzlik bilan shugʻullanib kelaman. Ushbu xalqaro festivalning shahrimizda tashkil etilishi biz uchun sharaf. Bugun tadbirda oʻzimiz tikkan kashtalar bilan ishtirok etib, koʻrgazmada koʻpchilikning hayrati va havasini keltirdik. Boshqa mamlakatlarning milliy mahsulotlari bilan ham yaqindan tanishishga imkon boʻldi.

  Kashtachilik taraqqiyotini Osiyo, Yevropa, Amerika madaniy yodgorliklari, adabiy manbalardagi kashtalar tasvirida, shuningdek, saqlanib qolgan kashtadoʻzlik namunalarida kuzatish mumkin. Kashta choklari, kashta tikish va uslublarining turli-tumanligi oʻzbek kashtadoʻzlarining katta sanʼatidan dalolat beradi. Jumladan, Nurota, Buxoro, Samarqand kashta mahsulotlari koʻproq yoʻrma chok bilan, Shahrisabzda yoʻrma, kandaxayol, iroqi, Toshkentda esa koʻproq bosma chok bilan tikilgan. Momolarimizdan bizga meros boʻlib kelayotgan amaliy bezak turlarining eng qadimiy va keng tarqalgan turi kashtachilikdir.

— Shu hunar bilan shugʻullanib kelayotganimga oʻttiz yil boʻldi, — deydi urgutlik kashtadoʻz-hunarmand Mavluda Hamdamova. — Shuning ortidan roʻzgʻor tebratib, turmush sharoitmni yaxshiladik. Shu bilan birga, yetmish nafar xotin-qizni ham ish bilan taʼminlaganman. Festivalda ishtirok etish davomida boshqa hunarmandlar bilan tajriba almashdik, mahsulotlari bilan tanishdik. Bilasizmi, Samarqandda ham bu soha yaxshi rivojlangan. Festivalda Shahrisabzda ham iroqi kashtachiligi keng ommalashganining guvohi boʻldik. Shuningdek, Surxondaryo, vodiy viloyatlarining oʻziga xos yoʻnalishlari bilan tanishish imkoni boʻldi. Bu esa  oʻzaro hamkorligimizni mustahkamlashga yordam beradi.

Ha, xalqning hayoti va urf-odatlari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan bu sanʼat turi qoʻli gul chevarlar tomonidan asrlar osha yanada sayqallanib boraveradi. Eng muhimi, amaliy-bezak sanʼatimizning bu qadimiy turi zamonaviy kashtachilik orqali uygʻunlashgan holda oʻz oʻrnini, ahamiyatini saqlab qoladi.

Akbar RAHMONOV,

 “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri