Barqaror rivojlanish boʻyicha Maslahat qoʻmitasi Orolboʻyi mintaqasi uchun integratsiyalashgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqadi

    Mamlakatimizda 9 Iyul 2021 706

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan tashkil etilgan Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish boʻyicha Maslahat qoʻmitasining uchinchi yigʻilishi videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi.

    Tadbirdan koʻzlangan maqsad — Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish uchun koʻp tomonlama “Yoʻl xaritasi”ni koʻrib chiqish va tasdiqlash, shuningdek, Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlikni kengaytirish va donorlik yordamini muvofiqlashtirishdir.

    Maslahat qoʻmitasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi (Trast jamgʻarmasi) tashabbusi bilan barcha koʻp va ikki tomonlama sheriklarni birlashtiradigan, oʻz navbatida, Orolboʻyi mintaqasidagi saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtiradigan yagona platforma sifatida tashkil etilgan.

    Anjumanga Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari B. Abidov va BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer hamraislik qildi.

    Yigʻilishda xorijiy davlatlar, BMT agentliklari, moliya institutlari, xalqaro jamoatchilik va ilmiy muassasalar, xayriya jamgʻarmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining 140 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston tomonidan muhokama qilish va tasdiqlash uchun Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish boʻyicha Koʻp tomonlama “Yoʻl xaritasi” loyihasi, shuningdek, 2021-yil birinchi yarim yilligida Maslahat qoʻmitasining uchta ishchi guruhi faoliyati natijalari taqdim etildi.

    Integratsiyalashgan “Yoʻl xaritasi”ning maqsadi mintaqani barqaror rivojlantirish boʻyicha izchil tadbirlar rejasini belgilash borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishdan iborat. Muvofiqlashtirilgan yondashuvni shakllantirish Orolboʻyi mintaqasi aholisining transformatsion oʻzgarishlarga erishish uchun faoliyatni samarali nazorat qilish va resurslarni safarbar etish imkonini beradi.

    Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish boʻyicha Koʻp tomonlama “Yoʻl xaritasi” vazirliklar, idoralar bilan ikki tomonlama maslahatlashuvlar yakunlari va dastlabki ikki ishchi guruh faoliyati natijalari asosida ishlab chiqildi.

    Hujjat 5 ta yoʻnalish, jumladan, ekologik farovonlik, iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy rivojlanish, resurslarni safarbar etish, rivojlanishni tahlil qilish va baholash kabi 13 ta soha boʻyicha jami 251 ta ustuvor vazifani qamrab olgan, qolaversa, 248 ta loyiha va tadbirlar roʻyxati keltirilgan. Mazkur loyiha va tadbirlarni amalga oshirishning tayyorgarlik bosqichi byudjeti qariyb 205 mln dollarni tashkil etadi.

    Hujjat Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish boʻyicha xorijiy va xalqaro hamkorlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish, shuningdek, Orolboʻyi aholisining turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun resurslarni safarbar qilishga doir muvofiqlashtirilgan yondashuvdan foydalanishni taʼminlash va bu oʻzgarishlarni samarali monitoring qilishga qaratilgan.

    Ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMT TD) vakillari mintaqada aniq amaliy natijalarga erishish uchun mazkur “Yoʻl xaritasi”ni samarali amalga oshirish mexanizmlari haqida fikr yuritdi.

    Yigʻilish ishtirokchilari “Yoʻl xaritasi” doirasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda muvaffaqiyatga erishishning muhim omili sifatida uchta ishchi guruh: barqaror investitsiyalar, maʼlumotlar va baholash, shuningdek, xabardorlikni oshirish faoliyati doirasida birlashadigan xorijiy va xalqaro rivojlanish hamkorlarining keng doirasini jalb qilish yuzasidan yaqdil fikrga kelishdi.

    Tadbir davomida ishtirokchilar BMT agentliklaridan Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan amaldagi qoʻshma dasturlar doirasida erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan xabardor boʻldi.

    Muhokama chogʻida taraqqiyot boʻyicha xalqaro hamkorlar, shuningdek, Oʻzbekiston vazirliklari, idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan Orolboʻyi mintaqasining barqaror rivojlanishini yana-da mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar taqdim etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.