Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, YUNESKO, YUNISEF va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N.Umarov, BMT tomonidan har biri aniq va manzilli vazifalarni oʻz ichiga olgan “2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari” qabul qilingani va uning Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”dagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan birida belgilangan islohotlarning keng qamrovli dasturini amalga oshirishda muhim harakatlantiruvchi omil boʻlib xizmat qilishi qayd etib oʻtdi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan fuqarolarning axborotga boʻlgan huquqini amalga oshirishlarida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot oshkoraligini kuchaytirish hamda fuqarolarning asosiy erkinliklari himoyasini taʼminlash dolzarbligi haqida soʻz yuritildi.

Tadbirda davlat xaridlari doirasida tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchilarni tanlash jarayonida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga imtiyozlar berishni taqiqlash va toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali shartnomalar tuzishni keskin kamaytirish, “my.sud.uz” platformasini soddalashtirish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish sohasidagi hududiy davlat dasturlarini ishlab chiqish, Zoʻrlik hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlarning faoliyatini moliyalashtirish, takomillashtirish, ularni mutaxassislar bilan taʼminlash, maxsus qoʻllanmalar va standartlarni ishlab chiqish masalalari muhokamalar markazida boʻldi.

Yigʻilish yakunida masʼul vazirlik, idora va ekspertlar ishtirokida tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.