Ayni kunlarda poytaxtimizdagi “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi” doirasida qator tadbirlar oʻtkazilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Barqaror rivojlanish maqsadida suv resurslaridan oqilona foydalanish” mavzusida oʻtgan davra suhbati ham shu masalalarga bagʻishlandi.Tadbirda qayd etilganidek, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi 6-maqsad sifatida “Barcha uchun suv resurslari va sanitariyaning mavjudligi hamda ulardan oqilona foydalanishni taʼminlash choralarini koʻrish” belgilangan.
Ushbu maqsadning dastlabki vazifasi “2030-yilgacha iqtisodiyotning barcha sektorlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli oshirish” doirasida iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga muttasil oshib borayotgan ehtiyojini qondirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, suv xoʻjaligi obyektlarining ishonchli va xavfsiz ishlashini, suv resurslarini samarali boshqarish va undan oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi Farmoni bilan Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiyaning ustuvor yoʻnalishlaridan biri suv resurslarini kompleks boshqarish, aholini kafolatli suv bilan taʼminlash, suv sifatini yaxshilash va atrof-muhitning ekologik muvozanatini saqlash tamoyillarini joriy etishdir.
Konsepsiyaning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, bugungi kunda sugʻorish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish, suv taʼminoti past darajada boʻlgan sugʻoriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish hamda 100 ta yirik suv xoʻjaligi obyektlarida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan umumiy maydonni 2,0 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sugʻorish texnologiyasini 500 ming gektargacha yetkazish choralarni koʻrilmoqda.
Taʼkidlanganidek, yana bir asosiy yoʻnalish, suv resurslarini transchegaraviy hamkorlik boʻyicha davlatimiz rahbarining oqilona siyosati, saʼy-harakatlari natijasida qoʻshni davlatlar bilan yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro doʻstona va ishonchli aloqalar Markaziy Osiyo mintaqasidagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratdi. Qoʻshni davlatlar bilan suv xoʻjaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish borasida ikki tomonlama Ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi doirasida ham hamkorlik amalga oshirilayapti.
Soʻngi yillarda Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro hamkorlik va erishilgan kelishuvlar natijasida Sirdaryo havzasida, Turkmaniston bilan hamkorlikda Amudaryo havzasida suv taʼminoti darajasi yaxshilanib, sugʻorish mavsumlarini muvaffaqiyatli oʻtkazishga erishib kelinmoqda.