Unda Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, YEXHT Parlament assambleyasi Prezidenti Piter Lord Bauness, Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi Bosh kotibi Altinbek Mamayusupov, xorijiy mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari va aʼzolari, Yoshlar parlamentlari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, NNT, OAV vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari anʼanaviy va onlayn tarzda ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan oʻqib eshittirildi.

Muhtaram Prezidentimiz tabrigida qayd etganidek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur forum global maqsadlarga erishishda parlamentlarning ishtirokini muhokama qilish, parlamentlararo hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun samarali muloqot maydoni boʻladi.

Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi parlamentining yuqori palatasi Raisi T. Narbayeva forum davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisida BMTning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishga oid tashabbusi doirasida oʻtkazilayotganini taʼkidladi.

Barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishish hayotiy ahamiyatga ega boʻlib, keyingi besh yilda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Xususan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, ularga oid indiktorlarning tasdiqlangan, ularni amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan hamda tegishli “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.

Natijada oʻtgan davr mobaynida deyarli barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni keyingi 5-10 yilda rivojlantirish istiqbollarini belgilovchi strategiya va konsepsiyalar qabul qilinib, izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Tadbirda oʻz tabriklari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Palamentlararo ittifoq bosh kotibi M.Chungong, BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi raisi M. Akram, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament assambleyasi raisi Piter Lord Bauness, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi bosh kotibi A. Mamayusupov, Osiyo Parlament Assambleyasi bosh kotibi Moxammad Rezo Majidiy, BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori X Freyzer va boshqa mehmonlar soʻzga chiqdilar.

Global forumda Yevropa parlamenti, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Latviya, Bolgariya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya, Tayland, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Qirgʻiziston parlamentlari aʼzolari hamda 30 nafardan ortiq xalqaro tashkilotlar ekspertlarining maʼruzalari, taklif va tavsiyalari eshitiladi.

Xalqaro forumning asosiy tematik yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

  • Barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini taʼminlashda parlamentning roli;
  • Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
  • Barqaror rivojlanish maqsadlarining statistik koʻrsatkichlarini shakllantirish;
  • Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikning ishtiroki;
  • Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishida parlament nazorati, monitoring va baholashning ahamiyati;
  • Barqaror rivojlanish yoʻlida dunyo parlamentlari oʻrtasida xalqaro muloqot va global hamkorlikni rivojlantirish.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati