Prezidentimizning Surxondaryoga tashrifi tabiiyki, oʻzgacha shukuh uygʻotdi. Tashrifdan oldinroq davlatimiz rahbarining 8-mart — Xalqaro xotinqizlar kuni bayrami munosabati bilan qutlovidan koʻnglimiz togʻdek yuksalgan edi. Jumladan, tabrikdagi “...oila tayanchi, jamiyat ustuni boʻlgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi boʻlsa, butun xalqimiz hayotdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, yaratganimiz ham bizdan rozi boʻladi”, degan purmaʼno fikrlar mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotida ayolqizlarning jamiyatdagi faol ishtiroki nechogʻliq muhim ekaniga yana bir ishora boʻldi.

Surxon vohasida qariyb 1 million 400 ming xotin-qiz istiqomat qilyapti. Shulardan 3,2 foizi rahbar lavozimlarda ishlaydi, 13,2 foizi qishloq xoʻjaligi va qurilish sohasida faoliyat yuritayotir. Demoqchi boʻlganimiz bugun ayollar ham salohiyati va mehnatsevarligi bilan yurt ravnaqi yoʻlida mehnat qilayotir. Davlatimiz rahbari bayram tabrigida ayol-qizlarga nisbatan mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Onalar butun bashariyatning tarbiyachilaridir” degan iborasini qoʻllab, jumladan, shunday dedi: “Darhaqiqat, oilada bir nafar qiz oʻqib, oliy maʼlumotga, zamonaviy kasb-hunarga ega boʻlsa, xonadondagi muhit butunlay oʻzgaradi. Biz shu maqsadda xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim dasturni qabul qildik”.

Mana shu eʼtibor tufayli bugun viloyatimizda 3 ming 658 nafar qiz oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli — 4 foizli kvota asosida oʻqishga qabul qilinish uchun tavsiyanomaga ega boʻldi. Ulardan 155 nafari oʻqishga imtiyozli qabul qilindi. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 1 ming 701 nafar faol ayollar zaxiraga olindi. Surxon vohasidagi 723 mahallada ayol-qizlar bilan ishlash qizgʻin kechmoqda.

Prezidentimizning 2022-yil 29-iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga koʻtarish hamda xotin-qizlarni kasbga oʻrgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, mahallalardagi xotin-qizlar faollari ishi “Mahallada ijtimoiy xizmat” moduli asosida yoʻlga qoʻyilgan.

Bu, oʻz navbatida, ayollar muammolarini tez va sifatli yechish uchun asqotmoqda. “Mahallada ijtimoiy xizmat” moduli orqali mahallalardagi xotin-qizlar faollariga biriktirilgan har bitta oila bilan birlamchi baholash ishlari oʻtkazish natijasi past, oʻrta va yuqori xatar darajasida boʻlgan xonadonlar aniqlandi. Shu kabi aniqlashlar asosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 41 ming 222 nafar xotin-qizning qariyb hammasiga amaliy yordam berildi.

Ayniqsa, uy-joyga muhtoj mingdan ziyod ayolning boshpana bilan taʼminlangani katta ishlardan boʻldi. Yana 402 nafar ayolning esa uy-joyi taʼmirlandi. Eng muhimi, bu ishlar manzilli va izchil bajarildi. Masalan, Qumqoʻrgʻon tumani “Yuksalish” mahallasidagi ayollardan ikki nafari doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Bir nafariga subsidiya va yana bir nafariga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi berildi.

Xuddi shunday holatni mazkur tumanning Yangiyer mahallasida qilingan ishlarda ham koʻrish mumkin. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 45 ayolning muammolariga yechim topildi. Sherobod tumanida ham oʻtgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 2 ming 479 nafariga amaliy yordam koʻrsatildi. Jumladan, 13 nafari doimiy, 45 nafari vaqtinchalik ishga jalb etildi, 585 nafariga subsidiya ajratildi, 81 nafari kasb-hunarga oʻqitildi.

Bunday keng qamrovli ishlar vohada davom etmoqda. Yaqinda Shoʻrchi tumanining Baxshitepa mahallasida 2 nafar farzandi bilan onasinikida yashab kelgan, boquvchisi yoʻq, nogiron bolasi bor Norxol Kamolovaga yangi uy qurib topshirildi. Ayolning mijjasi toʻlib “Uy-joyim boʻlishini orzu qilardim, lekin bunga ishonmasdim. Mana niyatimga yetdim. Prezidentimizning biz ayollarga, qolaversa, koʻngli oʻksik bolalarga eʼtibori tufayli boshpanali boʻldim. Adolat bor ekan, men kabi qiynalganlar ham mehr-muhabbat bilan siylanar ekan. Behisob shukr”, deganlarini eshitib diydamizni tutib turolmadik.

Haqiqatan ham odam bolasi uchun qishda sovuqdan, yozda jaziramada himoya qiladigan, bolalariga pana boʻladigan uydek aziz moddiyat yoʻq. Shu maʼnoda Sariosiyo tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 35 ta va Qiziriq tumanidagi 30 ta oilaga uy-joylarning topshirilgani hudud ayollari uchun katta sovgʻa boʻldi. Shuningdek, Termiz shahri Majnuntol mahallasida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisi yoʻq, nogiron va ehtiyojmand oilalarga 100 ta uy-joy topshirilgani ham vohadagi Norxol Kamolova singari onalarning koʻnglini togʻdek koʻtardi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-avgust dagi “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, vohada “Oqila ayollar” guruhi shakllantirildi. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi va hududiy boʻlimlarda faol, tashab buskor ayollardan iborat jamoatchilik harakati bugun keng quloch yozib faoliyat yuritmoqda.

Bugun Surxon vohasidagi ayol-qizlar yuzidagi bahoriy kayfiyat, mamnunlik va koʻtarinkilik ifodasi bejiz emas. Ularni bundan-da saodatli, yorugʻ kunlar kutayotgani shubhasiz. Chunki kafti faqat duo uchun ochilgan, tilidan shukrona tushmaydigan mushfiq onalarimiz, munis opa-singillarimiz, dilbar qizlarimiz shunga munosib.