Soʻx tumani hokimi Saidbahrom Sayidmusayev va tuman maʼsullari hamda Batken tumani delegatsiyasi oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda oʻzaro manfaatli hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, aloqalarni yanada kengaytirish boʻyicha istiqbolli takliflar muhokama qilindi.
Xususan, Soʻx tumanida Qirgʻiziston respublikasi tadbirkorlik doirasi vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etish, ikki davlat sportchilari oʻrtasida sportning turli yoʻnalishlarida musobaqalar oʻtkazish, savdo-sotiq, turizm masalalarida aloqalarni kuchaytirish, logistika imkoniyatlaridan foydalangan holda oʻzaro savdo hajmini oshirish, tibbiyot va qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari uchrashuv kun tartibidan oʻrin oldi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli oʻzara aloqalar kun sayin yangi bosqichga chiqayotgani uchrashuv davomida alohida taʼkidlandi.
Mazkur tadbir davomida xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona munosabatlarni yanada kuchaytirish, suv taʼminotidagi masalalarni hamkorlikda hal qilish, bu boʻyicha ikki davlat doʻstligi ramzi sifatida uchrashuv va hasharlar tashkil etish yuzasidan ham takliflar bildirildi. Chegara bilan bogʻliq masalalar qonunda belgilangan tartibda, oʻzaro kelishuvga binoan hal etilishi ikki tomonlama qayd etildi.