Quvonarlisi, Gruziyaning Batumi shahrida oʻtgan sablyachi qizlar oʻrtasidagi bahslar Oʻzbekiston terma jamoasi vakillarining gʻalabalari bilan yakunlandi.

Yakkalik bellashuvlarida hamyurtimiz Fernanda Errera barcha raqibalarini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor boʻldi. Terma jamoamiz vakillaridan Dilnaz Usnatdinova hamda Ayakoz Jumamuratova esa bronza medallarini qoʻlga kiritishdi. Qizlarimiz jamoaviy dasturda ham oʻz ustunliklarini namoyish etib, ushbu yoʻnalishda ham shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilishdi.

Shuningdek, rapirachi yigitlarimiz Sabadel (Ispaniya) shahridagi bahslarda ishtirok etishdi. Yakkalik bahslarida faqatgina Muhammad Yusuf Asronov chorak finalgacha yetib kela oldi. Jamoaviy dasturda esa yigitlarimiz toʻrtinchi pogʻonani band etishdi.