Muzokaralarda koronavirus pandemiyasi sharoitida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va turli sohalarda hamkorlik istiqbollari masalalari muhokama qildi.

Roland Vaygertning soʻzlariga koʻra, keng koʻlamli islohotlar tufayli Oʻzbekiston Bavariya kompaniyalari uchun tobora jozibador mamlakatga aylanmoqda. Muzokaralar davomida Bavariya tomoni Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdorligini va turli sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini taʼkidladi.

U shuningdek, Bavariya hukumati karantin cheklovlari tufayli ilgari bekor qilingan qoʻshma tadbirlarni vaziyat yaxshilangach amalga oshirish niyatida ekanini qayd etdi.

Hozirgi kunda Bavariyaning 133 ta kompaniyasi Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilmoqda. Ularning 17 tasi respublikada oʻz vakolatxonalariga ega. Jumladan, 6 ta filial va 9 ta qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatadi.

“Bionorica SE”, “HORN Glass Industries AG”, “Knauf International GmbH”, “MAN Truck&Bus SE”, “Linde AG”, “Protec Automation GmbH”, “SAP SE”, “Siemens Energy”, “Falk-Porsche-Technik GmbH”, “Roland Berger GmbH” shular jumlasidan.

Maʼlumot uchun, yalpi hududiy mahsuloti 633 milliard yevroni tashkil etadigan Bavariya Germaniyaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mintaqalaridan biri hisoblanadi. Bavariya kompaniyalari axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, farmatsevtika, tibbiy texnologiyalar, biotexnologiya, ekologik texnologiyalar, kimyo, aviatsiya va avtomobilsozlik, robototexnika va boshqa sohalarda mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinlarni egallashiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, ishbilarmon doiralar, ilmiy va taʼlim muassasalari vakillarini birlashtirgan klaster tizimi koʻp jihatdan Bavariya biznesining muvaffaqiyat kaliti boʻlgani taʼkidlandi. Xususan, hozirgi kunda Bavariyada 17 ta texnologik klaster muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatadi. Eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri — Myunxendagi “BioRegioMunich” biotexnologiya klasteridir. Uning tarkibiga 300 ta tashkilot, shu jumladan 166 ta kichik va oʻrta korxona, 35 ta yirik biotexnologik kompaniya, 34 ta farmatsevtika kompaniyasi, 58 ta ilmiy-tadqiqot tashkiloti kiradi. Klaster xodimlarning umumiy soni 25 ming kishini tashkil etadi.

Bavariya kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida Oʻzbekistonda sanoat klasterlari va sanoat parklarini rivojlantirish istiqbollari muzokaralarning alohida mavzusiga aylandi.

Roland Vaygert Oʻzbekistonning klasterlarni rivojlantirish istagini olqishlab, Bavariya kompaniyalari sanoat parklari va klasterlarni tashkil etish hamda boshqarish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishga tayyorligini tasdiqladi, deb xabar beradi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi matbuot xizmati.