«Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas xonim bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdik, – deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram-kanalida. – Suhbatimiz davomida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik doirasidagi qator mavzularni qamrab oldik. Mintaqalarimiz oʻrtasidagi hamkorlik jadal surʼatlar bilan yuksalib borayotganligini taʼkidladik. Koʻplab natijalarga erishdik, hali oldimizda yanada kengroq imkoniyatlar mavjud. Bu yil Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi sammitini intiqlik bilan kutmoqdamiz«.
Eslatib oʻtamiz, Estoniya sobiq bosh vaziri, 47 yoshli Kaya Kallas 2024-yil 1-dekabr kuni Jozep Borrel oʻrniga Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti lavozimini rasman egalladi.