Baxtli qiz hikoyasi: Prezident menga umid berdi, yangi hayot, buyuk baxt ulashdi

    Aziza onasi Adolat opa bilan 12 yildan buyon ijarama-ijara sarson yashadi. Keyingi yillarda Sergeli tumanidagi buvisining kichik tomorqasidagi eski tikuv sexini makon qilishdi. Ona-bola zax joyda qo'rqib, uyqusida halovat bo'lmay tong ottirardi.

    Kichik sex, tashvishlarga to'la hayot, ammo qalbida katta orzular yashayotgan mushtipar qiz – Aziza onasi bilan ne-ne qiyinchiliklarni boshidan o'tkazmadi.

    Tirikchilik uchun ona-bola tashlandiq joylarda dehqonchilik ham qildi, kunimizga yarar, deb terak ekdi, so'ng yillab bu teraklar o'sishini kutdi. Kimlardir ularni kesib ham ketdi. Ba'zan aldanishdi, pand egan vaqtlari ham ko'p bo'ldi. Lekin irodasi sinmadi.

    Adolat opa tunlari yig'lab chiqdi, o'zining ko'rguligi uchun yig'ladi, qizining taqdiridan qayg'urib yig'ladi, jondan aziz farzandining ba'zan och qolib, tunlari diydirab chiqishidan ezilib yig'ladi. Lekin noshukr bo'lmadi...

    Taqdirning har bir sinovida albatta, hikmat bor”

    Bir kuni Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yoshlar daftari” haqidagi xabarni eshitgan Adolat opa mahalla idorasiga bordi.

    Aziza shu daftarga kiritildi. Unga ajratilgan imtiyozli kredit evaziga 3 ta zamonaviy tikuv mashinkasi sotib oldi. So'ng buyurtmalar topib, ish boshlashdi.

    Kutilmaganda Azizaning orzulari va fikrlari haqidagi videolavha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev e'tiboriga tushdi. Hammasi otalarcha mehrli e'tibordan boshlandi.

    Ertakdagi orzularning ushalishi haqida ko'p o'qiganmiz. Lekin Aziza va Adolat opa hayotidagi bugungi yangilik hayotda, xususan, Sergeli tumanida, kuni kecha ro'y berdi.

    Prezident ularga Yangihayot tumani “Yangi Choshtepa” mahallasidagi zamonaviy massivdan 3 xonali uy sovg'a qildi. Bu uyda Aziza va Adolat opa yangi hayot boshladi.

    Shu munosabat bilan mahallada tantanali tadbir bo'lib o'tdi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirining birinchi o'rinbosari Gulnora Marufova, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullaev va keng jamoatchilik vakillari yangi uyni hayot sinovlarini mashaqqatla, lekin mardonavor engib kelayotgan ona-bolaga katta ehtirom bilan topshirdi.

    Shu marosimda Aziza uchun yana bir qadrli sovg'a bo'ldi. Bu – davlatimiz rahbarining unga yo'llagan maktubi.

    Tantanali tadbirda davlatimiz rahbarining maktubini Sherzod Asadov o'qib eshittirdi va Azizaga topshirdi.

    Prezidentimiz o'z maktubida Aziza hayotning turli sinovlarida ham kelajakka qat'iy ishonch va umid bilan qarayotgani, yosh tadbirkor sifatida bosh qalarga o'rnak ekanini olqishlagan. Jumladan, maktubda “...taqdirning har bir sinovida, albatta, hikmat bor. Hayot qiyinchiliklari insonni yanada kuchli qiladi. SHubhasiz, bu sinovli kunlar ham o'tmishga aylanadi. Shuni bilingki, Siz hech qachon yolg'iz emassiz. Sizning timsolingizda barcha shijoatli yoshlarimizning maqsadlari amalga oshishi uchun doimo yordam qo'lini cho'zamiz”, degan nihoyatda qadrli jumlalar bitilgan edi.

    Vatanimga kerak ekanimni his qildim”

    Aziza SAMIG'OVA:

    – Hali bolaligimdan boshimizga ko'p kulfat tushdi. Onajonim bilan qanday og'ir, musibatli kunlarni ko'rmadik. Maktabdan chiqib onamga yordamga shoshardim. Dalada ishladik, qulupnay, kartoshka ekdik, kun ko'rish uchun tinmay mehnat qildik.

    Qornimiz to'ymagan kunlar ham bo'ldi. Och yurdik. Ba'zan guruch, makaron qaynatib edik. Shunda ham nolimadik. Faqat yorug' kunlar ilinjida harakat qildik.

    Shu yil boshida “YOshlar daftari”ga kiritilganimdan so'ng hayotimiz tubdan o'zgardi. Kreditga tikuv mashinkalari olib, kechagi kungacha o'zimiz yashab turgan sexni ishga tushirdik.

    Haligacha o'zimga ishona olmayapman. Nahotki Prezidentimiz bizga uy sovg'a qildi, degan masrur o'y xayolimdan bir soniya bo'lsa-da ketmayapti.

    Prezidentimizning menga maktubi-chi?! Oddiy qizning davlat rahbaridan maktub olishi qanday baxt! Men maktubni o'qib, to'g'ri yo'lda ekanimni angladim. Vatanimga kerakli farzand ekanimni his etdim.

    Hammasi uchun minnatdorman, Prezidentimizga cheksiz rahmat aytaman, bir umr alqab yashayman.

    “Shu kunlarga etkazganiga ming shukr!”

    Adolat RAHIMOVA:

    – Etti uxlab tushimizga kirmagan voqea bo'ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga ming rahmat.

    Bir paytlar tadbirkorlik bilan ham shug'ullanganman, lekin u davrda tadbirkorga qiyin edi. Ishimiz yurishmadi, abgor ahvolda qoldik. Qizim bilan qaysi eshikka kirishni bilmay sarson yurdik.

    Qiz tarbiya qilish juda og'ir vazifa. Uni uysiz, birovlarning minnati bilan voyaga etkazish esa nihoyatda ayanchli. Shunday kunlarni ko'p ko'rdim.

    Onaman-ku, sezardim, qizimning ruhiyati juda o'ksik bo'lib qoldi. Odamlar bilan gaplashmay qo'ydi, dugonalariga aralashmasdi. Bularning barchasi qiyinchilik, yo'qchilik tufayli edi.

    Bir yomon kunning bir yaxshi kuni bor, deb o'zimga ko'p taskin berganman. Keyingi yillarda shu taskin ishonchga aylana bordi. Chunki Prezidentimizning xalq bilan muloqotini ko'rib, boshlagan xayrli ishlari guvohi bo'lib, har bir fuqaroning hayotida o'zgarish bo'lishiga amin edim.

    Bugun o'zimni shunday baxtli odamlar safida ko'rib, quvonib o'tiribman.

    * * *

    Aziza bugungi kunga mehnat, sabr va shukronalik bilan erishganini aytadi. Uning onasi esa ishlari yurishib ketsa, bir vaqtlar o'zi kabi qiynalgan odamlarga yordam berishi haqida gapiradi. “Pulim ko'payib ketsa, qiynalgan odamlar uy olishi uchun hech qursa birinchi to'loviga yordamlashaman”, deydi opa.

    Biz esa ularning niyati amalga oshishiga ishonamiz. Chunki davlatimiz rahbari topshirig'iga ko'ra, Aziza va uning onasi tadbirkorlik qilayotgan pastqamgina joy ta'mirlanib sexga aylantiriladigan bo'ldi. Adolat opa bu erda yangi ish o'rinlari ochib, mahalladagi ayollarni ish bilan ta'minlamoqchi.

    Ha, shunday ajib voqeaning guvohi bo'ldik. ezgulikning qanoti bor, deyishadi. Prezidentimizning Azizaga uy sovg'a qilgani, maktub yo'llagani mamlakatimizga ovoza bo'ldi. Bu keyingi yillarda boshlangan, bugun yanada qo'r olayotgan xalqchil siyosatning yorqin namunasi edi.