Tinchlik, osoyishtalik, qalb xotirjamligi — eng ulug' ne'mat. Ularning mazmun-mohiyatini urush qatnashchilari hammadan ko'ra chuqur his qiladi, e'zozlaydi. Faxriylarimiz bilan suhbatlashsangiz, ko'zda yosh, qalbda armon bilan urush davri xotiralarini so'zlab berishadi. Beixtiyor bugungi kunlarga shukrona aytasiz. Ularning mustahkam iroda, matonat ila g'alaba uchun chekkan zaxmatlariyu, qilgan mehnatlari oldida bir umr qarzdormiz.
Ana shunday faxriylarimizdan biri — Sherobod tumanining Galaguzar mahallasida istiqomat qilib kelayotgan 96 yoshli Kenja bobo elomonov urushni shunday xotirlaydi:
— 18 yoshimda urushga ketganman. Meni kuzatayotgan yaqinlarimning yuzidagi xavotirni, alamni juda yaxshi eslayman. O'shanda yillar o'tib, inson-rohat-farog'atda yashaydigan mana shunday kunlar kelishini kim tasavvur qilibdi deysiz? Ko'rar kunim bor ekan, qaytib kelib nabiralar qurshovida yashayapman. Men bilan birga akam ham urushga ketgan edi. U ko'zidan o'q edi va uyga qaytgach vafot etdi. Urushning dahshatli manzarasi, halok bo'lgan safdoshlarimiz, yonib vayronaga aylangan zavod-fabrikalar, shaharlar, begunoh nobud bo'lgan yosh bolalarni eslasam, yuragim orqaga tortadi, qizim. Unday kunlar hech kimning boshiga tushmasin. Ilohim, hech qachon urushni ko'rmanglar, tinchlikni qadriga etinglar. Sizlar o'qib, yaxshi kasb egasi bo'lishlaring uchun barcha imkoniyatlar bor. Biz bunday kunlarni, hattoki, orzu ham qilmas edik.
Kenja bobo ko'p yillar xalq xo'jaligida, manzillarni obod qilish yo'lida mehnat qilgan. Bugun 8 nafar farzand, nabirayu-evaralarga bosh, ularning haqiqiy maslahatgo'yi. Mardligi va matonati, yurtga bo'lgan mehr-muhabbati bilan barchaning ko'nglidan joy olgan, qalblarimizga g'urur-iftixor bag'ishlaydigan Kenja bobodek faxriylarimizni qancha e'zozlasak oz.
Yurtimizda urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga g'amxo'rlik va hurmat ehtirom ko'rsatish, moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz farmoni bilan bayram arafasida ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlar 12 million so'm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Qolaversa, hukumatimiz tomonidan nuroniylar holidan tez-tez xabar olish, uy-joylarini ta'mirlash ishlariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Suhbatimiz davomida Kenja bobo mana shunday ehtiromdan mamnun ekanini ko'p bor takrorladi.
— Bizni g'oyat hurmat-izzat qilyaptilar, — deydi qahramonimiz. — Bunday e'tibordan boshim ko'kka etadi. Shundanmi, hech ham qariganimni his qilmayman. Baxtli yurtda yashasa, yosharib boraverarkan odam. Prezidentimizning amalga oshirayotgan ishlarini, bizlarni doimiy qo'llab-quvvatlashini qancha aytsak oz. Ular uchun doimo duodaman. Ilohim biri ming bo'lsin, bola-chaqalarining rohatini ko'rsin. Yurtimizda hamisha tinchlik bo'lsin!
Yaxshidan bog' qoladi, deyishadi. Kenja bobo kattagina bog' yaratib, unda mevali daraxtlar va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtiryapti. O'zining ta'kidlashicha, keyingi paytda biroz kuchdan qolib, ko'zi xira tortgani bois bog' ishlarini uddalay olmay qolgan. Ammo doim nazorat qilib, nevarayu-evaralarni mehnatga o'rgatadi.
Qahramonimiz singari urush qatnashchilari bilan suhbatlashsangiz, hayotga, vatanga bo'lgan mehringiz yanada ortadi. Darvoqe, tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, safimizda yurganlarini esa e'zozlash ma'naviy hayotimizning ajralmas mazmunidir.
Feruza JO'RAEVA,
jurnalist