Ammo 2018 yilning 12 fevralida quritish tsexi binosida kuchli gaz bosimi natijasida sodir bo'lgan portlash oqibatida tan jarohati olib, vafot etgan. Biroq, korxona baxtsiz hodisa tufayli vafot etganligi munosabati bilan marhumning oilasiga biryo'la to'lanadigan nafaqa pulini qariyb 10 million so'mga kam to'lagan.
Ya'ni, xodimning vafotigacha ishlagan o'n oylik ish davri uchun 9 718 272 so'mga noto'g'ri hisob-kitob qilinib, jami 46 015 848 so'm nafaqa to'langan. Marhumning turmush o'rtog'i bundan norozi bo'lib, Kattaqo'rg'on shahar adliya bo'limiga murojaat qildi. Bo'lim fuqaro manfaatida fuqarolik ishlari bo'yicha Kattaqo'rg'on tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritdi. Afsuski, cho'kayotgan odam xasga ham yopishadi, deganlaridek, sud majlisida korxonaning ishonchli vakili J.I. da'voni tan olmasdan, da'vo muddati o'tib ketganligi sababli uni qanoatlantirishni rad etishni so'radi.
Vaholanki, jabrlanuvchi zarar etkazilgan vaqtda o'n ikki oydan kam ishlagan taqirda, o'rtacha oylik ish haqi haqiqatda ishlagan umumiy ish haqini ishlagan oylar soniga bo'lish yo'li bilan hisoblab chiqariladi. Ish davri to'liq oydan kam vaqtni tashkil qilgan taqdirda, zararni to'lash miqdori shartli oylik ish haqi (daromad) miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
O'sha paytda amalda bo'lgan Mehnat kodeksining 192-moddasiga ko'ra xodim mehnatda mayib bo'lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog'liq holda sog'lig'iga boshqacha tarzda shikast etishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog'ida bo'lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o'n olti yoshga to'lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta'minot olish huquqiga ega bo'lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug'ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo'ldoshiga yoki oilaning boshqa a'zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga etmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo'lsa, zararni to'lashi shart.
Sud da'vo arizasini qisman qanoatlantirib, “Kattaqo'rg'on paxta tozalash” AJga bir yo'la to'lanadigan nafaqadan 9 718 272 so'm, 8 000 000 so'm ma'naviy zararni to'lash hamda davlat foydasiga 1 048 730,88 so'm davlat boji undirish majburiyatini yukladi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi