Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri oʻrinbosari E.Muxitdinov, Oʻzbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli A.Muxamedov, Baykalorti oʻlkasi gubernatori A.Osipov, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Baykalorti oʻlkasi qurilish, yoʻl xoʻjaligi va transport vaziri A.Goncharov va boshqalar ishtirok etib, ikki davlat oʻrtasidagi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, koronavirus pandemiyasi sababli Rossiya Federatsiyasiga vaqtincha ishlash uchun ketolmagan va ishsiz qolgan oʻzbekistonlik fuqarolarni Baykalorti oʻlkasidagi yirik qurilish obyektlariga ishga jalb qilish masalasini muhokama qildi.
Muloqot davomida pandemiyadan keyin mehnat bozorini tiklash, epidemiologik vaziyatda oʻzbekistonlik mehnat migrantlari xavfsizligini taʼminlash, ularni tartibli, manzilli va tashkillashtirilgan holda ishga joylashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Xususan, Rossiya tomoni taklifiga binoan oʻtkazilgan uchrashuvda oʻlkadagi 20 dan ortiq qurilish obyektlariga bir yarim mingga yaqin fuqarolarni ishga jalb qilishga kelishildi hamda ishchilar uchun barcha zaruriy mehnat sharoiti yaratilib, buning uchun ish beruvchi kafilligi belgilandi.