Bayram avvalida tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan bolajonlarni qutladi. Soʻngra sanʼatkorlar, bolajonlar va maktab oʻqituvchi-pedagoglar ijrosida konsert dasturi boʻlib oʻtdi.
— Taʼlim maskanimiz Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolajonlarning maktab taʼlimidagi uzluksizlikning taʼminlash maqsadida tashkil etilgan. Maskanimizda bogʻcha yoshidagi, yaʼni 1 yarim yoshdan 7 yoshga qadar boʻlgan bolalar hamda 1-sinfdan to 11-sinf yoshidagi oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya beriladi. Taʼlim muassasasida oʻquvchilarga barcha sharoitlar yaratilgan. Ayni vaqtda taʼtilning ilk kunlari boshlanib, maktabimizda robototexnika, rasm, musiqa toʻgaraklari faoliyat yuritmoqda. Dars va toʻgaraklardan boʻsh vaqtlarda oʻquvchilar uchun turli tadbirlar tashkil etiladi. Bugun tashkil etilgan tadbir doirasida har bir oʻgʻil-qizimizga sovgʻalar topshirilishi ularning kayfiyatini yanada koʻtardi, — dedi “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasi direktori Nigora Alimova.
Eslatib oʻtamiz, “Mehrli maktab” faoliyati Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga uzluksiz taʼlim jarayonlarini tashkil etish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan.