Yangi yil esa barchamizni kasbu korimiz, jinsu yoshimizdan qatʼi nazar, oʻshanday tirik hayratlar, quvonchli lahzalar bilan qayta yuzlashtiradi.
Koʻz ochib yumguncha yana bir yil ortda qoldi. Yugurik vaqt oʻz yoʻlidan ogʻishmay, umrimizning navbatdagi sahifasini tarix bagʻriga olib ketdi. Bugun yangi rejalarga, yangi niyatlarga toʻla kunlar ostonasida turibmiz. Oʻtgan oʻn ikki oy sarhisobi, xulosalari bilan kelajak uchun aniq maqsadlar belgilab olmoqdamiz.
Shahar hayotida ham oʻzgacha kayfiyat, bayram shukuhi hukmron. Koʻchalar, maydonlar, xiyobonlar bayramona tus olgan, rangli chiroqlar, turli bezaklar umumiy muhitga koʻtarinkilik baxsh etib turibdi. Bu manzara odamlarning ichki holatini ham ifodalayotgandek goʻyo. Bugunidan rozi, ertasidan xotirjam insonlarning oilasi, doʻstu qadrdonlari, yaqinlari davrasidagina ich-ichidan his etadigan shukronalik hissi bu. Ehtimol, shu tufaylidir, yangi yil koʻplab xalqlarda oilaviy bayram sifatida qadrlanadi. Uning asosiy ramzi boʻlgan archa ham aynan shu birlik va davomiylik timsoliga aylangan.
Shu maʼnoda, yangi yil kunlarida mamlakatimizning turli hududidagi markaziy maydonlarni shunchaki sayrgoh emas, balki jamiyat kayfiyatini aks ettiruvchi makonga qiyoslash mumkin. Archa atrofida jamlangan odamlar yilni qanday ruhda kuzatayotgani, yangi yilga qanday kutilmalar bilan kirib borayotgani ana shu manzarada koʻzga yaqqol tashlanadi. Bu borada ularning oʻzi nima deydi — yurtdoshlarimizga ayni savollar bilan yuzlandik.
Qahhor YOʻLCHIYEV,
filologiya fanlari doktori,
professor:
— Bu yilgi shodiyonaning oʻziga xos jihati shundaki, u odamlarni umumiy tuygʻu atrofida birlashtirdi. Yil yakunida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi aynan shu kayfiyat bilan uygʻunlashdi. Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar, ilmga tayangan taraqqiyot gʻoyasi, inson qadrini markazga qoʻygan yondashuv ertangi kunga ishonchimizni yanada mustahkamladi.
Olim sifatida Murojaatnomada ilmga qaratilgan alohida eʼtibor meni befarq qoldirmadi. Har bir soha, qaysi yoʻnalish boʻlmasin, bilimga tayanishi kerakligi yana bir bor aniq ifodalandi. Taʼlim, iqtisodiyot, texnologiya, ijtimoiy-gumanitar sohalarning barchasi ilmiy asos bilangina barqaror rivojlanishi mumkinligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, inson qadri masalasi markazda turgani jamiyat uchun muhim ishora boʻldi. Shu jihatdan Murojaatnomadagi gʻoyalar yangi yil kayfiyatiga chuqurroq mazmun olib kirdi.
Bobur ABDUNAZAROV,
Uchtepa tumani Oqmasjid
mahallasi yoshlar yetakchisi:
— Bugun yoshlar masalalari mahalla darajasida hal boʻlayotir. Mahalla navqiron avlod vakillarining kundalik hayoti, muammolari, qiziqishlarini birinchi boʻlib oʻrganadigan, ular bilan manzilli ishlaydigan tizimdir. Shu sababli keyingi yillarda “mahalla yettiligi” faoliyati yoshlar siyosatining muhim boʻgʻiniga aylandi. Bu yondashuv 2026-yilning mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani bilan ham mazmunan uygʻundir. Mazkur nomning oʻziyoq davlat siyosatida mahallaga endi faqat hududiy tuzilma emas, balki jamiyatni barqaror rivojlantirishning asosiy tayanchlaridan biri sifatida qaralayotganini anglatadi.
Shu kunlarda yoshlar orasidagi kayfiyatni kuzatar ekanman, ularda bayramona quvonch bilan bir qatorda kelajakka nisbatan aniq rejalar ham borligini koʻraman. Bugungi yoshlar oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyadi, imkoniyatlarni hisobga oladi, masʼuliyatni his qiladi. Shu jarayonda davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar, mahalla darajasidagi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari muhim tayanch boʻlib xizmat qilmoqda.
Yangi yil, shu maʼnoda, yoshlar uchun yangi sahifa ochadi. Yangi gʻoyalar, yangi tashabbuslar, yangi masʼuliyat aynan shu pallada shakllanadi.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri