Ohalik mahallasi Samarqand tumanining Zarafshon tizma togʼ etaklarida joylashgan. Mahallada 764 ta xonadon, 3 ming 765 nafar aholi istiqomat qiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, mahalladagi 1 124 ta oilaning qariyb barchasi oilaviy tadbirkorlik bilan shugʼullanib kelmoqda. Аsosan parrandachilikka ixtisoslashgan mazkur mahallada yaqindan boshlab bedana tuxumi yetishtirish ham yoʼlga qoʼyildi. Аyni kunlarda bu yerdagi 100 dan ortiq xonadonda qariyb 80 ming bosh bedana parvarishlanmoqda. Bir kunda 60-70 ming dona parhezbop bedana tuxumi yetishtirilmoqda.

Bedana tuxumi yetishtirish bilan shugʼullanayotgan xonadonlar oʼzini-oʼzi band qilish barobarida, shifobaxsh bedana tuxumini chet davlatlarga eksportga chiqarishni ham yoʼlga qoʼydi. Bugungi kunda qoʼshni Tojikiston, Аfgʼoniston davlatlarida bedana tuxumiga talab yuqori.

— Bedana yetishtirish juda mahsuldor boʼlib, modasidan bir yilda 200-230 donagacha tuxum olish mumkin. Tuxumdan chiqqan poloponlarning 70-80 foizi yashab ketadi. Аmmo, bedana parvarishlashning ham oʼziga hos jihatlari bor, — deydi Ohalik mahalla fuqarolar yigʼini raisi Inomjon Siddiqov. — Bedana shovqin va yorugʼlikka juda taʼsirchan boʼlganligi sababli ular parvarishlanayotgan xonani tovush oʼtkazmaydigan qilib jihozlash va yorugʼlik kam tushishiga eʼtibor qaratish lozim. Bedana tuxumi va goʼshti shifobaxshligi sababli talab yuqori. Mahallamizda hokim yordamchilari, “Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand tuman boʼlimi hamda tegishli hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida uyma-uy oʼrganish davomida bedana yetishtirish mahallaning asosiy drayveri etib belgilandi.

Yetishtirilgan tuxumni sotish ham tizimli asosda tashkil etilgan. Har kuni maxsus avtomashina orqali aholi xonadonlaridan bedana tuxumi xarid qilinadi va respublika hududlariga yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, Ohalik mahallasida yetishtirilayotgan tuxum respublikaning barcha viloyatlari bilan bir qatorda Tojikiston va Аfgʼonistonga eksport qilinmoqda. Eng asosiysi, mahallada istiqomat qilayotgan aholi doimiy daromad manbaiga ega.

— Men “Maroqand parranda” MChJ da ishlayman. Ishdan ajralmagan holda oilam, farzandlarim bilan bedana tuxumi yetishtirish bilan shugʼullanib kelamiz, — deydi oilaviy tadbirkor Surat Majidov. — Bedana parvarishi juda nozik va jiddiy eʼtiborni talab qiladi. Katta bedanalarni bir kecha-kunduzda 2-3 marta oziqlantiramiz. Omixta yem tarkibida don-un 60 foizni, oqsilli aralashma 35 foiz hamda mineral aralashma 5 foizni tashkil etishi lozim. Bitta bedana 6 oy davomida taxminan 130 dona tuxum beradi. Sakkiz oydan soʼng oʼsish va tuxum berishdan toʼxtaganligi sababli goʼshtga soʼyiladi.

— Inspektsiyaning vakolat doirasidan kelib chiqqan holda, bedana yetishtirish bilan shugʼullanish istagida boʼlgan tadbirkorlik subʼektlariga imtiyozli ravishda kredit mablagʼlari ajratilishi, loyihalarning oʼz vaqtida sifatli ijro etilishi, ularning veterinariya nazoratidan oʼtkazish hamda naslini yaxshilash borasidagi tadbirlar nazoratga olingan. Shu maqsadda, joriy yilning oʼtgan davri davomida 12 marta nazorat tadbirlari oʼtkazilib, aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan huquqiy taʼsir chorasi qoʼllanildi, — deydi “Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand tuman boʼlimi boshligʼi Q.Qurbonov.

Tadbirkorlik insondan sabr talab etadi, — deydi qahramonlarimiz. Bu yoʼlga kirib kelgan kishi birdan boyib ketmaydi. Oldidan chiqqan toʼsiqlarni yengib oʼtsagina niyatiga yetishi mumkin. Zero, bu hayot haqiqati.

Viloyatning togʼli hududlaridan birida yashab, ham oilasi ham bozorlarimiz toʼkinligiga munosib hissa qoʼshayotgan mehnatkash insonlar esa, ana shu haqiqatning tom maʼnodagi ijrochilari, desak mubolagʼa boʼlmaydi.

Аbduvali Xudoyorov,

“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

matbuot kotibi