Uchrashuvda “Evergreen Motors Group” korporatsiyasining Oʻzbekistondagi direktori Vang Djun Xo hamda shahar hokimligining mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Bekobod shahrida sanoat tarmoqlari rivojlanganiga eʼtibor qaratilib, bu yerda “Oʻzmetkombinat” AJ, “Bekobodsement” AJ, “Bekobod sinteks” MCHJ, “Bekobodsemtaʼmir” va boshqa yirik korxonalar faoliyat yuritishi toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Shuningdek, shaharda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, mavjud infratuzilma, kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarishni tashkil etish afzalliklari hamda shahar hokimligi balansida boʻlgan boʻsh yer maydoni, bino va inshootlarni tadbirkorlik faoliyatini yuritish maqsadida ajratish tartiblari tushuntirildi.
KOʻBU vakillari hududda birgalikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlaridan birining filialini ochish masalasini oʻrganish boʻyicha taklifi bildirdi.
Kim Chang Keon qabul uchun oʻz minnatdorligini izhor etib, Oʻzbekistonga tashrifdan koʻzlangan maqsad Koreya Respublikasidan investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni respublikaga, shu jumladan viloyat va shaharlarga jalb etishga koʻmaklashishdan iborat ekanini bildirdi. Ayniqsa, maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish, sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirishda ishtirok etishga qiziqish kattaligi maʼlum qilindi.
Kim Chang Keon ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarning bugungi holatiga ijobiy baho berib, ushbu jarayondagi ishtirokni faollashtirish uchun Bekobod shahriga Janubiy Koreyadan malakali tibbiyot mutaxassislarini jalb etish va jarrohlik operatsiyalari oʻtkazishda ham koʻmaklashish istagida ekani haqida soʻz yuritdi.
Uchrashuvda tomonlar kelishilgan yoʻnalishlar boʻyicha muzokaralarni videokonferensaloqa orqali davom ettirish va yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirish boʻyicha fikr almashdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.