Meliqo'ziev WBA Continental Americas kamari sohibi bo'lib, WBA reytingida 14-o'rinda bormoqda. U o'zining oxirgi jangini joriy yil 14 fevral` kuni Amerikada meksikalik Oskar Kortesga (27-0, 14KO) qarshi o'tkazib, raqibini 1-raundda nokautga uchratgan edi.

Hozirda Meliqo'ziev Rossiyaning «Mir boksa» hamda AQSHning "Golden Boy" promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlikda o'z janglarini o'tkazib kelmoqda.

— AQSHning Kaliforniya shtatida bo'lib o'tadigan jangimga hozirlik ko'rish uchun okean ortiga jo'nat ketyapman. Navbatdagi jangim 24 iyulda bo'lib o'tishi belgilangan. Niyatim, albatta g'alaba qozonib, O'zbekiston nomini ulug'lash. Amerikaga yo'l olishim uchun menga har taraflama ko'mak bergan, qo'llab-quvvatlagan insonlarga, federatsiya rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman, — dedi safar oldidan Bektemir Meliqo'ziev.

Ma'lumot uchun: Bektemir Meliqo'ziev 1996 yil Farg'ona viloyatidagi SHoyimbek qishlog'ida tug'ilgan. 10 yoshidan boks bilan shug'ullanadi. Birinchi murabbiyi Ma'ruf Ahmedov. Vazn toifasi -75 kilogram. 2012 yili Ozarbayjonda o'tkazilgan xalqaro turnirda ilk bor g'oliblik shohsupasiga ko'tarilgandi. Serbiya, Tailand, Rossiya, Qozog'iston kabi davlatlarda o'tkazilgan xalqaro turnirlarning g'olib va sovrindori. 2014 yilgi Osiyo chempioni (Tailand), 2-o'smirlar o'yinlari g'olibi (Xitoy, 2014). Rio Olimpiadasi(2016) kumush medali sohibi. Osiyo chempioni. Boksdagi faoliyati mobaynida u havaskor boksdagi yutuqlari bilan birgalikda professional boksda ham ma'lum bir natijalarga erishib kelmoqda.

To'lqin RO'ZIEV.