Amerikadagi sportga ixtisoslashgan qator internet nashrlarining tarqatgan xabariga koʻra, joriy yilning 28-avgustida AQSHning Kaliforniya shtati Indio shahridagi Fantasy Springs Resort Casino boks arenasida oʻtkaziladigan professional boks kechasida hamyurtimiz Bektemir Meliqoʻziyev WBA yoʻnalishidagi Continental Americas chempionlik kamari uchun meksikalik Alan Kampga qarshi ringga koʻtariladi.

Bugun Bektemir «Olamsport» saytiga bergan intervyusida «raqibim professional boksda kuchli sportchilardan biri sanaladi. Faoliyati mobaynida 180 ga yaqin uchrashuv oʻtkazgan. Professional boksdagi 23 ta rasmiy jangning 17 tasida gʻalabaga erishgan. Shundan 11 tasida raqiblarini muddatidan avval magʻlub etgani uning imkoniyatlarini koʻrsatib turibdi. Hozir meksikalik 28 yoshli bokschining barcha texnik-taktik jihatlarini oʻrganib chiqyapman. Nasib etsa, bir oydan keyin boʻladigan bahsda yurtdoshlarim ishonchini oqlayman», deya taʼkidlagan.

Afsonaviy bokschi Oskar De La Xoyyaga tegishli “Golden Boy” promouterlik kompaniyasi va DAZN hamkorligida oʻtkaziladigan boks musobaqasida Meliqoʻziyev va Kamp “dueli”dan tashqari yana 4 ta musobaqa oʻtkaziladi.

Ukraina sport nashrlarining yozishicha, «oʻzbekistonlik Lomachenko» bir oydan keyin boʻladigan jangda ikkinchi yengil vaznda (-76,2 kg) professional boks olamiga “katta Oʻzbek boʻroni”ni olib keladi.

Toʻlqin ROʻZIYEV.