“Belarus – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” multimodal transport koridori rivojlantiriladi

    Termiz shahrida “Belarus – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” multimodal transport koridorini rivojlantirish boʻyicha ishchi guruhning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda davlatlarning transport vazirligi rahbarlari ishtirok etishdi.

    Uchrashuvda mazkur multimodal transport koridorini rivojlantirish yoʻli bilan Markaziy Osiyo va MDHga aʼzo davlatlarni Oʻzbekiston orqali Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bogʻlash va yurtimizning tranzit salohiyatini yanada oshirish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha tomonlar oʻrtasida yoʻl xaritasi imzolandi. Mazkur yoʻl xaritasida yuk tashuvlarini rivojlantirish boʻyicha aniq rejalarni amalga oshirish belgilangan. Xususan, yuk tahlillarini olib borish, tashuv jarayonida elektron raqamli hujjatlardan foydalanish, tashuv jarayonlarini soddalashtirish bilan Oʻzbeksiton – Afgʻoniston – Pokiston orqali tranzit yuk tashuvlarini oshirish koʻzda tutilgan.

    Soʻnggi yillarda Afgʻoniston orqali tranzit yuk tashish hajmi 30 foizdan ortiq oshib, qariyb 1 million tonnani tashkil etdi. 2021-yilda Oʻzbekiston hamda Pokiston oʻrtasida tranzit savdo toʻgʻrisida bitim imzolangandan soʻng mamlakatlarimiz oʻrtasida yuk tashuvlari hajmi ortib bormoqda.

    2022-yilda ikki mamlakat oʻrtasida Afgʻoniston orqali yuk tashuvlari 2021-yilga nisbatan ikki yarim barobarga oshib, 675 ming tonnani tashkil etdi. Joriy yilda mazkur koridor orqali Oʻzbekiston 1 mln tonnadan ortiq yuk tashishni rejalashtirgan.