Belarus kimyo, togʻ va neft tarmogʻi xodimlari kasaba uyushmasi vakillari “Uzbekistan GTL” zavodiga tashrif buyurdi

    Sanoat 30 Mart 2023 1074

    Belarus kimyo, togʻ va neft tarmogʻi xodimlari kasaba uyushmasi vakillari “Uzbekistan GTL” zavodida boʻlib, sintetik yoqilgʻi mahsulotlari ishlab chiqarilish holati bilan yaqindan tanishishdi.

    Tashrif davomida “GTL” zavodida ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan yangi turdagi sintetik yoqilgʻi mahsulotlarni ishlab chiqarish joriy holati, ularning sifati va standartlarga muvofiqligi, mahsulotlarni saqlash, sotish hamda isteʼmolchilarga yetkazib berilishi jarayonlari haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

    Shuningdek, kasaba uyushmasi vakillari “Uzbekistan GTL” zavodining markaziy boshqaruv binosida joylashgan zamonaviy boshqaruv panellari orqali zavodning 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ekspluatatsiya qilish texnologik tizim faoliyatini kuzatdi.

    Bundan tashqari, xorijiy delegatsiya vakillariga zavodning markaziy laboratoriyasi binosida joylashgan zamonaviy qurilma va asboblar orqali zavodda ishlab chiqarilayotgan “GTL” dizel yoqilgʻisi “Euro-6” (YeN15940) Yevropa ekologik standarti va “OʻzDSt EN 15940:2022” milliy standarti talablari asosida olib boriladigan laboratoriya tahlil jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi.

    Tashrif yakunida delegatsiya vakillariga zavodning ishchilar shaharchasida xodimlarga yashash va maroqli dam olish uchun yaratilgan sharoitlari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.