Uchrashuv davomida tomonlar oʻzbek-belorus hamkorligining joriy holati toʻgʻrisida fikr almashdilar.

Xususan, Oʻzbekistonda maxsus karyer va qishloq xoʻjaligi texnikalarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Muzokaralar jarayonini tezlashtirish va loyihani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikka istiqbolli yoʻnalishlar sifatida urgʻu berildi. Shu nuqtayi nazardan, yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyati muhokama etildi. Jumladan, “Energokomplekt” kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida oʻtkazgichli kabel mahsulotlar ishlab chiqarish, “Plonar” kompaniyasi bilan diodlar ishlab chiqarish va ushbu sohada tajriba almashish, shuningdek, “Integral” kompaniyasi bilan mikroelektronika va mikrochiplar ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar jarayonida mebel sanoati sohasidagi hamkorlikning istiqbollariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Tomonlar kooperatsiya qilish imkoniyatlarini oʻrganishga hamda chuqur tahlil asosida qoʻshma investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Muzokaralar yakunida yigʻilishda erishilgan kelishuvlar va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqishga qaror qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.