Joriy yil 27-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Senati Raisi T.Narbayevaning Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Kengashi raisi N.Kochanova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda tomonlar davlat rahbarlarining yaqin va ishonchli aloqalari tufayli iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar yuqori surʼatda ekanini eʼtirof etdi.
Jumladan, T.Narbayeva Oʻzbekiston-Belarus hamkorligining barcha ustuvor yoʻnalishlarini, jumladan, iqtisodiy sohani rivojlantirishda ikki mamlakat parlamentlari alohida oʻrin tutishini taʼkidladi. Oʻz navbatida, N.Kochanova “Oʻzbekiston soʻnggi yillarda mubolagʻasiz barcha sohalarda, birinchi navbatda, iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotgan noyob mamlakat” deb taʼkidladi.
Shuningdek, u ikki tomonlama munosabatlardagi madaniy-gumanitar yoʻnalish, ayniqsa, taʼlim yoʻnalishi hamda ikki mamlakat yoshlar parlamentlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha parlamentlar oʻrtasida hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni imzolash, ikki tomonlama biznes-forumlarni oʻtkazish uchun delegatsiyalar tarkibiga ayollar ishbilarmon doiralari vakillarini kiritib, oʻzaro parlament tashriflarini tashkil etish boʻyicha hamkorlikni faollashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
axborot xizmati