Mustaqil rivojlanish yillari davomida mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom, barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqidagi atroflicha maʼlumotlar uchrashuv ishtirokchilarining eʼtiboriga havola qilindi.

Shu oʻrinda Belarusda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talaba yoshlarning asosiy diqqati mamlakatimiz Prezidentining yoshlarga oid siyosatidagi ikkita eng muhim yoʻnalishga, yaʼni yoshlarga zamonaviy bilim berish va ularning bandligini taʼminlash masalalariga qaratildi. Davlatimiz rahbarining yosh avlod uchun har jabhada qulay sharoitlar yaratish borasidagi amaliy sayʼ-harakatlari zamirida kelajakda Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan yetuk mutaxassislarni tarbiyalash hamda ona yurtimizning rivojlangan mamlakatlar qatoridan oʻrin egallashi kabi ezgu va yuksak maqsadlar mujassam ekanligi qayd etildi.

Tadbir doirasida qoʻshma dastur boʻyicha (2+2) tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalarning taʼlim jarayonidagi muammolari, kamchiliklar va ularni hal etish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv chogʻida oʻzbekistonlik talabalarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.