Fargʻona shahridagi “Samo” sport majmuasida oʻtkazilgan mazkur musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan 200 dan ortiq polvonlar ishtirok etdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan chempionat tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Fargʻona viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshligʻi Nodirbek Hakimov sportchilarni qutlar ekan, yurtimizda keyingi yillarda jismoniy tarbiya va sportga, milliy sport turlariga, xususan, sportning aholi orasida ommaviyligini taʼminlash kabi ishlarga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, polvonlarlarga omad tiladi.
Ikki kun davom etgan bellashuvlarda erkaklar belbogʻli kurashning erkin va klassik yoʻnalishida 8 vazn toifasida, ayollar erkin yoʻnalishda 5 vazn toifasida kurash tushdi.
Murosasiz va qizgʻin oʻtgan bahslarning yakuniy natijalariga koʻra, quyidagi polvonlar oʻz vazn toifasida gʻoliblikni tantana qildi.
Belbogʻli kurash yoʻnalishi. Erkaklar.
Jamoliddin Abdukamolov (Namangan, 57 kg.), Abduqodir Avazbekov (Fargʻona, 62 kg.), Ilyosbek Yoqubjonov (Andijon, 68 kg.), Nusratbek Sultonboyev (Andijon, 75 kg.), Husniddin Roʻziyev (Andijon, 82 kg.), Jasurbek Isroilov (Andijon, 90 kg.), Nodirbek Axatjonov (Toshkent sh., 100 kg.), Baxtiyor Jumaboyev (Sirdaryo, +100 kg.)
Belbogʻli kurashning erkin yoʻnalishi. Erkaklar.
Shahzod Usmonov (Toshkent v., 57 kg.), Sarvar Toʻxtasinov (Namangan, 62 kg.), Shohrux Zokirov ( Toshkent v., 68 kg.), Nusrat Yoʻldoshev (Toshkent v., 75 kg.), Ogʻabek Amatbayev (Toshkent v., 82 kg.), Husan Abduhakimov (Sirdaryo, 90 kg.), Obidali Mavlonov (Fargʻona, 100 kg.), Xislat Pirmatov (Toshkent v., +100 kg.).
Ayollar.
Farangiz Abdunabiyeva (Sirdaryo, 52 kg.), Manzuraoy Moʻydinova (Fargʻona, 58 kg.), Maftunabonu Mahmudova (Andijon, 60 kg.), Dilafruz Mamajonova (Namangan, 76 kg.), Sahobat Sheraliyeva (Namangan, +76 kg.).
Chempionat yakunlangach, kuchli uchlikdan joy olgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Taʼkidlash joiz, mazkur chempionat joriy yil 20-25-may kunlari Jizzax shahri mezbonlik qiladigan Osiyo chempionatiga saralash vazifasini ham oʻtab berdi.
Ilhom RAHMONOV