Asrlar osha o'zida mardlik, halollik, jasorat kabi fazilatlarni jamlagan milliy sport turimiz – belbog'li kurashni dunyo bo'ylab keng miqyosda rivojlantirish maqsadida 2021-yil 27-sentyabrda Litvaning Vil`nyus shahrida Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) tashkil etildi va rasman Evropa Ittifoqidan ro'yxatdan o'tkazildi. Mazkur assotsiatsiyaga o'zbekistonlik hamyurtimiz Azizbek G'aniev prezident etib saylandi.

Shu tariqa belbog'li kurashga bo'lgan e'tibor yanada kuchaydi. JBKA tashkil etilgandan so'ng qisqa fursatlarda belbog'li kurash bo'yicha Evropa, Pan-Amerika, Osiyo konfedratsiyalari tashkil etildi.

JBKA va O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi tashabbusi bilan o'tgan yili noyabr oyida Jizzax shahrida hamda joriy yil may oyida Qo'qon shahrida yoshlar o'rtasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun jahon chempionatlari yuqori saviyada bo'lib o'tgani belbog'li kurash er kurrasi bo'ylab ommalashayotganidan darak beradi.

Milliy sport turimiz belbog'li kurashni Osiyo o'yinlari, Evropa o'yinlari, qolaversa, Olimpiya o'yinlari oilasiga kiritish Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi va O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasining bosh maqsadlaridan sanaladi. Buning uchun JBKA va O'BKF tomonidan uzoq yillik puxta va aniq istiqbolli dastur-rejalar ishlab chiqilmoqda. Buning yaqqol isboti sifatida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Namangan viloyatining Namangan shahrida belbog'li kurash bo'yicha ilk bor erkaklar va ayollar o'rtasida o'tkazilgan jahon chempionatini aytishimiz mumkin.

Mazkur jahon chempionatida Gruziya, Belarus, Bel`giya, Eron, Isroil, Rossiya, Ruminiya, Ukraina, Pokiston, Xitoy, Italiya, Turkiya, Kamerun, Shvetsiya, Moldova, Hindiston, Mo'g'iliston, Latviya, Estoniya, Qozog'iston kabi davalatlardan 300 dan ortiq sportchi ishtirok etdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G'aniyev mamlakatimizda aholini ngsport bilan muntazam shug'ullanishi, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, iste'dodli, professional sportchilarni tayyorlashning kompleks tizimi yo'lga qo'yilganini ta'kidladi va musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

Chempionat doirasida sport turlarini rivojlantirish, xalqaro toifadagi sport ustalari va sportchilar tayyorlash, ayollar o'rtasida sportni ommalashtirish hamda sport sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirish va do'stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Namangan viloyati hokimi Sh.Abdurazzaqov va Boshqirdiston Respublikasi sport vaziri R.Xabibovlar o'rtasida memorandum ham imzolandi.

Memorandumga asosan davlat tashkilotlari, ta'lim muassasalari, federatsiyalar va boshqa sport tuzilmalari o'rtasida ommaviy sport turlari, nogironlar sporti, elita sporti va sport bo'yicha kadrlarni tayyorlash yo'nalishlarida o'zaro manfaatli dasturlar, tajriba va ma'lumotlar almashinuvi yo'lga qo'yiladi.

Jahon chempionatida belog'li kurash va belbog'li kurashning erkin yo'nalishi bo'yicha erkaklar - 57, - 62, - 68, - 75, - 82, - 90, - 100, + 100 kg. vazn toifalarida kuch sinashsa, ayollar - 52, - 58, -66, - 76, +76 kg. vaznlarda g'oliblik uchun bahs olib borishdi.

Yakuniy natijalarga ko'ra, umumjamoa hisobida O'zbekiston terma jamoasi faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Rossiya hamda Qozog'iston jamoalari ikkinchi va uchinchi o'rinni band etdi.

G'olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G'aniyev,O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Osiyo belbog'li kurash konfedratsiyasi raisi Mo'min Muratov va boshqalar ishtirok etdi.

Belbog'li kurash yo'nalishi bo'yicha har bir vaznda birinchi o'rinni egallagan sportchilar 10 million so'm, ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan sportchilar 7 million so'm, uchinchi o'rin sohiblari 5 million so'm pul mukofoti, diplom va medallar bilan mukofotlandi.

Ilhom RAHMONOV tayyorladi