Belgiya va Shvetsiya terma jamolarining Yevro-2024 saralashi doirasida Bryusselda oʻtayotgan oʻyini teraktda mehmonlarning ikki muxlisi otib oʻldirilgani tufayli birinchi boʻlimdan soʻng toʻxtatilgandi. Bu haqida avval xabar bergan edik.
Bahsning birinchi boʻlimi 1:1 hisobida yakunlangandi. Kecha UYEFA oʻyin davom ettirilmasligini maʼlum qildi. 1:1 hisobi yakuniy natijaga hisoblanadi va har bir jamoaga bittadan ochko beriladi. Har qanday diskvalifikatsiya bajarilgan deb hisoblanadi va sariq kartochkalar ham oʻz kuchida qoladi.
“Belgiya Qirolligi FA ham, Shvetsiya FA ham vaziyatdan kelib chiqib, oʻyinni yakunlamaslik va natijani yakuniy deb hisoblash istagini bildirdi. Bahs natijasi F guruhidagi vaziyatga taʼsir qilmaydi, chunki Belgiya final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritib boʻlgan, Shvetsiya esa bunday imkoniyatni yoʻqotgan”, deyiladi UYEFA bayonotida.