Firibgarlik yoʻli bilan 25 million soʻmga yaqin pullarni ehson sifatida oʻzlashtirgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Maʼlum qilinishicha, Fargʻona viloyatida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan T.I. (ayol),2022-yilning sentyabr oyida internet ijtimoiy tarmogʻining “Telegram” messenjeri orqali orqali profil ochib, boshqa birovning voyaga yetmagan qizining kasal holatdagi suratini joylagan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi turli guruhlarga ushbu suratdagi qiz, farzandi ekanligini hamda kasalligi va yordamga muhtojligi haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatgan.
Natijada T.I, onasi nomiga ochilgan bank plastik karta raqamini “Telegram” ga joylab, fuqarolarning ishonchiga kirib, firibgarlik yoʻli bilan 25 million soʻmga yaqin pullarni ehson sifatida oʻzlashtirishga erishgan. Andijon viloyati IIB TQX kiberxavfsizlik boʻlimi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida qoʻlga kiritilgan pullarni firibgar ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat boʻyicha Andijon shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Andijon viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.