Bemor umrini 25 yilga uzaytiruvchi aorta protezi yaratildi

    Aorta — inson tanasidagi eng yirik arteriya. U orqali barcha a’zolar va to‘qimalarga qon yetib boradi. Shu bois aortaning kengayishi yoki yorilishi hayot uchun xavfli. Bunday vaziyatda uning zararlangan qismiga protez o‘rnatilishi zarur.

    Ayniqsa, bu muhim arteriyaning yurak bilan tutashgan qismi zaif. Chunki bu nuqtadan qon juda katta bosim bilan o‘tadi. Shu bois kardiojarrohlikda yuqori sifatli va chidamli implantlarga ehtiyoj katta.

    Rossiyaning I.M.Sechenov nomidagi tibbiyot universiteti yurak-qon tomir jarrohligi klinikasi olimlari shunday protezni yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

    Yangi implant oldingi muqobillariga nisbatan ko‘proq chidamli. Bu esa uning foydalanish muddatini oshiradi. Protezning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u aorta tomirining ichki tuzilishi bilan bir xil, qon oqimining tabiiy harakatini ta’minlaydi.

    Qolaversa, yangi mahsulotni tayyorlashda ishlatilgan maxsus material uning yuzasida bakteriyalar ko‘payishi va tromblar hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.

    Bundan tashqari, implantni operatsiya chog‘ida o‘rnatish oson. Bu esa jarrohlik amaliyotini odatdagidan ancha tezroq bajarish imkonini beradi.

    Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, sun’iy moslama 1 milliard yurak urishiga bardosh beradi. Bu insonning 25 yillik umriga teng.