Bemorga beriladigan retseptda qanday maʼlumotlar aks etishi kerak?

    Retsept ― shifokorning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassisga dori preparatlarini tayyorlash va (yoki) berish hamda uning qoʻllanilish usuli toʻgʻrisidagi elektron yoki yozma shakldagi koʻrsatmasi hisoblanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, retsept bemorga uning yoshi, dori vositasini xalqaro patentlanmagan nomi, ekstemporal usulda tayyorlanadigan dori vositalari tarkibidagi dori moddalarining nomlari, shuningdek ularning dozasi, davriyligi, qabul qilish vaqti va davomiyligi, dori vositalarining oziq-ovqat isteʼmoliga qarab oqilona qoʻllanishi (ovqatdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatdan keyin) koʻrsatilgan holda ilovadagi retsept blankasi shaklida beriladi.

    Bunda retseptda tayinlangan dori vositalari (dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) retseptning yirtma koreshogida ham bir-biridan farqlanmaydigan holatda koʻrsatilishi shart.

    Davolanayotgan bemorga (bemorning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxslarga) dori vositalariga retsept berilganligi haqidagi maʼlumotlar uning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd etiladi.

    Eslatib oʻtamiz, dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilangan, deb xabar beradi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati.