16-iyul kuni Fargʻona viloyat sudida jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining apellyatsiya instansiyasi bemor ayolning sogʻlom oyogʻini amputatsiya qilib, uning oʻlimiga sabab boʻlgan va 6-may kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudida sudlangan shifokorning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqib, ajrim berdi.
Unda qayd etilishicha, sudlangan shifokor Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi Fargʻona filiali “Xirurgiya” boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan. U 2024-yil 9-sentyabrdan 2024-yil 25-oktyabrga qadar oʻz hisobidan taʼtilda boʻlgan, boʻlim mudiri vazifasini vaqtincha bajarish boshqa shifokor D.R. zimmasiga yuklatilgan
2024-yil 18-oktyabrda fuqaro A.I. farzandlari tomonidan filialga olib kelingan. Shu kuni shifokor D.R. tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, “Qandli diabet ikkinchi turi ogʻir shakli, dekompensatsiya bosqichi, DTS neyroishemik shakli, Vanger-4, chap oyoq boldir sohasida amputatsiyadan keyingi holat tizza boʻgʻimi maydalanib sinishi” tashxisi qoʻyilgan.
Sudlangan shifokor oʻz hisobidan taʼtilda boʻla turib, 2024-yil 18-oktyabr kuni boʻlimga kelib joylashgan bemor A.I.ni davolash hamda jarrohlik amaliyoti oʻtkazish ishlaridan “Xirurgiya” boʻlimining vaqtincha mudiri D.R.ni goʻyoki “tajribasiz” sifatida koʻrsatgan holda oʻzboshimchalik bilan chetlatgan.
Taʼkidlanishicha, biror-bir tibbiy koʻrsatma boʻlmagani holda bemorni “Chap oyoq son sohasini amputatsiya qilish” rejasini ishlab chiqqan va tibbiy hujjatlar tarixiga ushbu rejani D.R. nomidan rasmiylashtirgan.
Sudlangan shifokor jarrohlik amaliyoti oʻtkazish uchun tanlangan tibbiy xodimlar tarkibiga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish kiritib, vakolatsiz jarrohni hamda tibbiyot universiteti talabasini filial rahbarining roziligisiz jarrohlik amaliyotida ishtirok etishga jalb qilgan.
Jarrohlik amaliyoti chogʻida esa bemorning chap son sohasini amputatsiya qilish oʻrniga, tibbiy koʻrsatma va bemorning roziligini olmasdan, biron-bir kasallik asorati boʻlmagan oʻng oyogʻini son sohasidan kesib tashlab, keyinchalik chap son sohasini ham koʻr-koʻrona amputatsiya qilgan. Bemor A.I. bir vaqtning oʻzida ikki ogʻir turdagi jarrohlik amaliyotini koʻtara olmasdan, olgan tan jarohatlari asoratlari oqibatida 2024-yil 7-noyabrda vafot etgan.
Shundan keyin Jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudining 2025-yil 6-maydagi hukmiga koʻra, Jinoyat kodeksining 116-moddasining 3-qismi (Kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam oʻlimiga sabab boʻlishi) bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasi (Muayyan huquqdan mahrum qilish) qoʻllanib, 3-yil Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida rahbarlik va shifokorlik vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sudlangan himoyachisi bilan birgalikdagi apellyatsiya shikoyatida, harakatlarida jinoyat tarkibi yoʻqligi, A.I.ning oʻlimi uning harakatlari bilan bogʻliq boʻlmagani haqida vajlar keltirib, sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni soʻragan. Jabrlanuvchining qonuniy vakili R.I. apellyatsiya shikoyatida shifokorni Jinoyat kodeksi 116-moddasining 4-qismi “b” bandi va 206-moddasining (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan aybli deb topishni hamda udan 28 995 000 soʻm moddiy va 350 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirishni soʻragan.
Apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan dastlabki sud hukmi oʻzgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirildi.