Maʼlumot uchun, BERKEMANN – eng zamonaviy texnologiyalar va materiallardan foydalangan holda yuqori sifatli qulay ortopedik poyabzal ishlab chiqarish boʻyicha 135-yildan ortiq tajribaga ega jahon ishlab chiqaruvchisi sanaladi.

Muzokaralar davomida tomonlar Oʻzbekistonda brend poyabzal ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining tafsilotlarini muhokama qildilar. Nemis kompaniyasi rahbari Tomas Bauyerfeynd soʻzlariga koʻra, pandemiyadan oldin kompaniyaning 25 ga yaqin davlatda ishlab chiqarish quvvatlari boʻlgan. Endi kompaniya oʻz mahsulotlarini Vengriya va Xorvatiyadagi zavodlarda ishlab chiqaradi.

Ayni paytda kompaniya oʻz mahsulotlarini Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etishni maqsad qilgan. Nemis ishlab chiqaruvchilarining Oʻzbekistonga jalb etilishiga asosan qulay logistika, yetarli miqdordagi xomashyo, malakali kadrlar va rivojlangan ishlab chiqarish infratuzilmasi, davlat tomonidan xorijiy investorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani sabab boʻldi.

Birinchi bosqichda korxona bu yerda poyabzal blankalari ishlab chiqarishni oʻzlashtirib, keyinchalik tayyor poyabzal ishlab chiqarishni rejalashtiryapti. Shu maqsadda koʻrgazma doirasida investor uchun korxonalarga biznes-turlar tashkil etiladi. Shuningdek, Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan B2B muzokaralar olib boriladi.

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi kompaniyaga loyihaning barcha bosqichlarida yordam berishini maʼlum qildi.

Tomonlar 2 oy ichida nemis ishlab chiqaruvchisining Oʻzbekistonga navbatdagi biznes missiyasini tashkil etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.