Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning alohida eʼtibori samarasida Orolboʻyi aholisi salomatligini muhofaza qilish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Pirovardida, keyingi yillarda ovullarda ham tibbiy xizmat sifati ancha yaxshilandi.

Yaqinda Beruniy tumani markazida ish boshlagan “Doktor Maqsudova” innovatsion klinikasi ana shu islohotlar samarasidir.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil noyabr oyida Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida Beruniy tumanida xususiy oftalmologiya va diagnostika markazini tashkil etish loyihasi tasdiqlangan edi.

Endilikda Beruniy tumanidagi klinikada malakali mutaxassislar koʻz kasalliklarini zamonaviy usulda davolaydi, murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajaradi.

– Prezidentimiz Toshkent shahridagi “Doktor Maqsudova” innovatsion klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishganida ana shunday klinika Qoraqalpogʻistonda ham boʻlishi kerak, deb taʼkidlagan edi. Bugun yangi klinika Beruniy tumanida ish boshladi, – dedi klinika taʼsischisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan tibbiyot xodimi Zulfiya Maqsudova. – Nima uchun Beruniy tumanida, degan savol tugʻilishi mumkin. Chunki, bu tuman Qoraqalpogʻistonning eng chekka hududi boʻlib, yana shunday 3 ta olis tumanga chegaradosh, shuningdek, xorazmliklarning ham kelishi uchun qulay.

Markazda oftalmologiya va diagnostika, stomatologiya, LOR-kombayn, ginekologiya-videokolposkopiya, kardiologiya, EKG, UZI xizmatlari koʻrsatiladi. Klinikada 10 nafar malakali shifokor va 18 nafar ishchi-xodim faoliyat olib boradi. Oʻrnatilgan texnologik uskunalar AQSH, Yaponiya va Germaniyadan olib kelingan boʻlib, sifati aʼlo darajada.

– Yurtimizda karantin joriy etilishi bilan davolanish maskaniga borolmayotgan edim. Tumanimizda yangi klinika ochilganini eshitib, darhol yetib keldim,  deydi Oʻgʻiljon opa Karimova. – Bu yerda koʻzimni davolatish imkoniyatiga ega boʻldim. Bemorlar uchun yaxshi qulayliklar yaratilibdi.

Klinikada teletibbiyot markazi ham tashkil qilingan boʻlib, endilikda aholining uzogʻini yaqin qilgan holda chet el malakali shifokorlari bilan hamkorlikda tajriba almashish ishlari olib boriladi. Shu kunning oʻzida Moʻynoq tumanidagi teletibbiyot klinikasi bilan bogʻlanib, oʻzaro tajriba almashildi.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri