Jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida Toshkent viloyati IIBB YPX inspektorlari tomonidan 5 kun davomida oʻtkazilgan tadbirda, 500 ga yaqin avtotransport vositalari koʻzdan kechirilgan boʻlsa, ularning 64 tasidan turli xil pichoqlar va oʻtkir tigʻli jismlar borligi aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun hududiy ichki ishlar boʻlimlariga topshirildi.
Soʻnggi kunlarda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar oʻrtasida sodir boʻlayotgan oʻzaro tortishuvlar va uning ortidan pichoqbozliklar haqidagi turfa xabarlar tez-tez koʻzga tashlanmoqda.
Shu asnoda turli koʻngilsiz hodisalar va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida IIBB YPX xodimlari tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Inspektorlar tomonidan tekshirish uchun toʻxtatilgan transport vositalarini koʻzdan kechirish jarayonida, avtoulovda har xil turdagi pichoqlar, boshqa oʻtkir tigʻli moslamalar borligi aniqlanyapti.
Fuqarolarning aksariyati goʻyoki “oʻzining xavfsizligini taʼminlash uchun” pichoq olib yurganligini aytayotgan boʻlsa, ayrimlari pichoq va jismlarni avtomobilida nima uchun olib yurganligini izohlab ham bera olmaydilar.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati