Voleybol bo'yicha o'g'il bolalar o'rtasidagi final o'yinlarida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 280 sportchi g'oliblik uchun kuch sinashdi.

Uch kun davom etgan bellashuvlarning yakuniy natijasiga ko'ra, 16-22 yoshli o'g'il bolalar o'rtasida faxrli birinchi o'rinni Samarqand viloyati Qo'shrabot tumanining "Chinoq" MFY jamoasi birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Ikkinchi o'rinni Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi "Qadoq" MFY jamoasi egallagan bo'lsa, uchinchi o'rin Toshkent viloyati Qo'yichirchiq tumani "Xo'japiskon" MFY voleybol jamoasiga nasib etdi.

22-26 yoshli yigitlar o'rtasidagi musobaqalarda Farg'ona viloyatining Qo'shtepa tumanidagi "Langar" jamoasi barcha raqiblarini engib,chempionlikni tantana qildi. Ikkinchi o'rinni esa Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanining "Shakarko'l" MFY jamoasi egalladi. Uchinchi o'rin uchun bahslarda Nurota tumani "Qadoq" MFY jamoasining qo'li baland keldi. E'tiborlisi, Nurota tumanining ushbu "Qadoq" MFYdan respublikasi  bosqichiga etib kelgan ikkita jamoa ham sovrindor bo'ldi.

Musobaqa yakuniga etgach, g'olib va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Kuchli uchlikka erishgan jamoalar uchun ajratilgan kubok, diplom, medal va qimmatbaho sovg'alarni O'zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri maslahatchisi Avaz Karimov, Sportni rivojlantirish vazirligi boshqarma boshlig'i Faxriddin Abdukarimov, O'zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev hamda Toshkent viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig'i Rustam Boboqulovlar  topshirdi.

Shuningdek,taqdirlash marosimi doirasida Toshkent  viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig'i Rustam Boboqulov hamda viloyatning bir guruh jismoniy  tarbiya va sport mutaxassislari hamda sportchilari "O'zbekiston Konstitutsiyasining  30  yilligi" esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Ilhom Rahmonov