“Beshbattar”dagi besh nima?

    Beshbattar forschadan kirgan, uning tarkibidagi besh soʼzi koʼp, ortiq, ziyoda maʼnolarini bildiradi. Battar esa juda yomon degani.

    Baʼzi soʼzlar hamisha ham biz oʼylagan yoki taxmin qilgan maʼnoga ega boʼlmasligi mumkin. Bu holat ayniqsa omonimlarda yaqqol koʼzga tashlanadi.Аgar biror soʼzning shakldoshi borligini bilmasangiz, uni yanglish tushunishingiz hech gap emas. Beshbattar soʼzi tarkibidagi besh ham xuddi shunaqa soʼzlardan.

    Biz besh soʼzini asosan son maʼnosida tushunamiz. Shu sababli beshbattar soʼzi maʼnosini besh baravar yomon, besh daraja yomon deb taxmin qilishimiz mumkin. Аslida esa bu soʼz umuman boshqa maʼnoni anglatadi.

    Beshbattar forschadan kirgan, uning tarkibidagi besh soʼzi koʼp, ortiq, ziyoda maʼnolarini bildiradi. Battar esa juda yomon degani.

    Beshbattar oʼzbek tilida nihoyat darajada, oʼtaketgan darajada, haddan ortiq; juda ogʼir, qiyin maʼnolarida, salbiy maʼnoni ifodalash uchun ishlatiladi:

    Qassobning esiga dafʼatan tunov kungi dilxiralik tushib, koʼngli beshbattar gʼash tortdi.
    “Yoshlik”.

    Ey bechoralar... Bu shaharda bizdan ham beshbattar kambagʼallar borga oʼxshaydi.
    P. Tursun, Oʼqituvchi.

    Orif Tolib