Havo qoʻnalgʻalari – tashrif buyuruvchilar uchun, nainki yangi manzillar darvozasi, balki oʻziga xos meʼmoriy jozibasi bilan hayrat uygʻotuvchi maskanlar sirasiga kiradi. Mutaxassislarning fikricha, ular ayni kezda yirik ish beruvchi korxonalar, katta daromadlar manbaiga aylanib, jadal rivojlanayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda mamlakatimizda 11 ta aeroport mavjud. Ular “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tarkibida ish yuritmoqda. 2021-yil yakunlari boʻyicha mazkur havo qoʻnalgʻalari orqali 5 million 400 ming yoʻlovchi va 82 ming tonna yuk tashilgan, xorijiy aviakompaniyalarga xizmat koʻrsatish hajmi oshgan. Xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha koʻrilgan choralar natijasida barcha aeroportlarning moliyaviy koʻrsatkichlari yaxshilangan.
Lekin bu oʻzgarishlar ular faoliyati va xizmat koʻrsatish darajasi zamonaviy talablarga toʻla javob beradi, degan xulosaga kelishga asos boʻlolmaydi. Negaki, sohada islohotlarni izchil davom ettirish, aviatsiya xizmatlari bozorini liberallashtirish va raqobatni rivojlantirish borasida oldinda turgan ishlar koʻlami katta. Binobarin, shu yilning 11-aprel kuni Prezidentimiz huzuridagi taqdimotda mamlakatimiz aeroportlarini 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi va 2026-yilgacha amalga oshirish dasturi muhokamasi chogʻida ham bu masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
MODERNIZATSIYA, TRANSFORMATSIYA, INVESTITSIYA
Modernizatsiya yangilash, unga zamonaviy tus berish, yangi talablarga muvofiq oʻzgartirish, degan maʼnolarni anglatsa, transformatsiya ham shaklan, ham mazmunan qaytadan qurish va hosil qilish tushunchasini beradi. Mohiyatan bir-biriga yaqin bu atamalarning amaliy natijalarini investitsiyalarsiz tassavur etish mushkul. Oʻta sodda ifodalaganda, investitsiya kelajakda manfaat koʻrishni koʻzlab, korxonani rivojlantirish uchun mablagʻ yoʻllashdir.
Prezidentimiz 2018-yil 27-noyabr kuni imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi milliy aviatsiyasini tubdan takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmonda aynan ana shu jihatlarga asoslangsh vazifalar qamrab olingan.
— Ushbu farmon bilan Oʻzbekiston milliy aviatsiya tarmogʻi tubdan qayta qurilib, xususan, uning negizida biri-biridan mustaqil boʻlgan “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksionerlik jamiyatlari tashkil etildi, — deydi Toshkent davlat transport universiteti dotsenti, aeronavigatsiya tizimlari kafedrasi mudiri Sabohat Shukurova. — Bundan tashqari, aviakompaniya tarkibiga kiruvchi davlat unitar korxonalari masʼuliyati cheklangan jamiyat etib qayta tuzish, “Oʻzaeronavigatsiya” markazini Vazirlar Mahkamasiga tarkibiga oʻtkazish, “Maxsus aviatsion ishlar aviakompaniyasi” DUK bazasida Uzbekistan Helicopters MCHJ faoliyatini yoʻlga qoʻyish nazarda tutildi. Sohani isloh qilish dasturi doirasida 2020-yilning yanvar oyida davlat ishtirokida yangi “Humo Air” aviakompaniyasiga asos solindi. Ushbu aviakompaniya uzoq boʻlmagan yoʻnalishlarga parvozlarni amalga oshirishi bilan shugʻullanadi.
Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, ushbu islohotlarning pirovard maqsadi aviatsiya bozorini liberallashtirish va unda raqobatni rivojlantirishdan iborat. Bu aviakompaniyalar bozorida ishlashni istovchilar uchun keng yoʻl ochish orqali raqobat muhitini yaratishni anglatadi. Qolaversa, milliy avaikompaniyaning monopolligi, xizmat koʻrsatish darajasining pastligi ham tub oʻzgarishlarni taqozo etardi.
Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlar jarayonida aviakompaniyalarni ham transformatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy mushkulliklar tarmoqni yanada takomillashtirishni kun tartibiga qoʻydi. Bunda asosiy eʼtibor iqtisodiy samaradorlik va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilmoqda.
Chunki, pandemiya jahon aviasanoatiga juda katta zarar yetkazdi va bu jarayon hala-hanuz davom etayapti. Shu bois karantindan eng koʻp zarar koʻrayotgan “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning 122 million dollar kreditlarining toʻlov muddatlari uzaytirildi, 60 milliard soʻmlik soliq imtiyozlari taqdim etildi, Oʻzbekistonning Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasidan 50 million dollar miqdorida aylanma mablagʻ sifatida foizsiz ssudalar ajratilishi nazarda tutildi.
— Transport tizimini samarali tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar davlatimiz rahbarining diqqat markazida boʻlib kelmoqda, — deydi Sabohat Shukurova. — Xususan, 2020-yilning 28-yanvarida oʻtkazilgan yigʻilishda aviatsiya sohasidagi holat tanqidiy tahlil etilib, parvozlar geografiyasini kengaytirish, yoʻlovchilar tashish bozorida transport xizmatlarining yangi turlarini, marketing va tarif siyosatini joriy etish maqsadida axborot texnologiyalarini modernizatsiya qilish, mavjud xalqaro intermodal logistika markazlaridan maksimal darajada foydalangan holda, Yevropa va Osiyo oʻrtasida muntazam yuk tashish yoʻnalishlarini samarali tashkil etish vazifalari qoʻyildi.
2021-yil 19-aprel kuni boʻlib oʻtgan davlatimiz rahbari huzuridagi taqdimotda esa, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 11 ta aeropartni yagona boshqaruv organi tasarrufida birlashtirish, xalqaro tajriba asosida, xarajatlarni 32 foizdan 15 foizga tushirish, xaridlarni optimallashtirish, aeroport xizmatlari uchun yigʻimlarni 27 foizga, jumladan, ziyorat turizmi doirasida 50 foizgacha kamaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
OCHIQ OSMON OSTIDAGI AEROPORTLAR
Toʻgʻrisi, “Uzbekistan Airports” AJ barcha aeroportlarning yagona ijro etuvchi organiga aylantirilganida, ayrim mutaxassis va ekspertlar “ochiq osmon” rejimida ish yuritishga oʻtgan aeroportlarga turli xil bosimlar boʻladi, uning yoʻrigʻidan chiqa olmaydi, degan fikrlarga borgan edi. Chunki, jamiyat davlat tasarrufidagi tashkilot. Barcha aeroportlarni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish, ularning faoliyatini uslubiy boshqarish va infratuzilmasini taraqqiy ettirishga doir loyihalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish, yangi texnologiyalarni joriy etish yagona ijro organining zimmasidagi vazifa hisoblanadi.
Keyingi paytda sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar va aeroportlar uchun koʻzda tutilayotgan imtiyozlar “Uzbekistan Airports”ga boʻlgan oldingi qarashlarni oʻzgartirib bormoqda. Xususan, jamiyat va uning tarkibidagi xalqaro aeroportlar uchun 2021-yil 1-maydan 3 yil muddatga yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mol-mulk soligʻining belgilangan stavkasi 50 foizgacha kamaytirildi. Aeroportlar oʻz ehtiyojlari uchun maxsus texnologik uskunalar, transport va axborot-kommunikatsiya mahsulotlarini import qilish, fuqaro aviatsiyasi obyektlarida ish tajribasiga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish huquqi berildi.
Maʼlumki, “Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiya”ga asosan, bir mamlakat aviakompaniyasiga boshqa davlatning havo kengligiga kirish, uning hududiga qoʻnish va aeroportlardagi xizmatlardan foydalanish mumkin. “Ochiq osmon” rejimi, deb ataluvchi bu tamoilda aviakompaniyalarning narx siyosatiga aralashmaslik, samolyotlar, ularning quvvati, turlariga aloqador cheklovlarning mavjud emasligi kabi ustunliklar ham nazarda tutilgan..
Keyingi yillarda mamlakatimizdagi barcha xalqaro aeroportlar “beshinchi havo erkinligi” rejimida ishlayapti. Mazkur tamoil — xorijiy aviakompaniyalarga oʻz mamlakatida boshlanadigan yoki tugaydigan uchish asnosida ikki xorijiy davlat oʻrtasida parvoz qilish huquqini bersa, “yettinchi havo erkinligi” chet ellik aviakorxonalarga yuk tashish imkonini taqdim etadi.
Jahon tajribasiga koʻra, “ochiq osmon” qoidasining qoʻllanilishi yoʻlovchi tashuvlarini oʻrtacha 35 foizga oshirgani holda, aviachiptalar narxini 20 foizdan 40 foizgacha pasaytirish, minglab ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.
YANGICHA ISHLASH SAMARALARI
Tabiiyki, jahon tajribasiga tayanib ishlashda har bir korxona oʻz imkoniyat va maqsadlaridan kelib chiqqan holda yondashadi. Lekin har qanday kompaniya uchun maqbul boʻlgan shunday umumiy jihat bor. Yoʻlovchilar oqimi koʻpaygan, ayniqsa, eng tigʻiz soatlarda barcha xizmatlar faoliyatini maqbullashtirish, bunda asosiy eʼtiborni sarflanadigan vaqtni qisartirishga, ish sifatini oshirishga qaratish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Bu maqsadga erishish uchun “Uzbekistan Airports” AJ xendling kompaniyasini tashkil etdi. Jamiyat tarkibida “Uzbekistan Airports Nandling” MCHJ shoʻba korxonasi tuzilib, yoʻlovchilarga roʻyxatdan oʻtish va ularni samolyotgacha kuzatish, yuklarni yetkazish, havo layneriga xizmat koʻrsatish, oziq-ovqatlar bilan taʼminlashdan tortib, aerovokzaldagi tibbiyot punkti, ona va bola, maʼlumotnoma xonalarini ishini boshqarishga doir barcha xizmatlar uning zimmasiga yuklandi.
Bundan tashqari, ilgari aviakompaniyalar jamiyatdan xizmat koʻrsatish majmuini toʻla sotib olishgan boʻlsa, endilikda ularning oʻzi zarur servislar toʻplamini alohida shakllantiradi, buning uchun ortiqcha xarajat talab etilmaydi. Masalan, 2021-yilda mamlakatimiz aeroportlarida xorijiy havo kemalariga koʻrsatiladigan xizmatlar narxi 43 foizga qisqartirildi. Joriy yilda bu koʻrsatkichni yana 17 foizga kamaytirish moʻljallanmoqda.
Jamiyat raisining qayd etishicha, ayni kunda yurtimiz aeroportlari 60 dan ortiq chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda. Bu 2019-yilga nisbatan ular soni 20 taga oshganini koʻrsatadi. Agar uch yil oldin 50,8 ming tonna yuk tashilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu miqdor 82 ming tonnaga yetdi.
Kelgusi rejalar yanada salmoqli. Joriy yilda 26,8 ming parvozni qabul qilish orqali 6,7 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatishni taʼminlash moʻljallangan boʻlsa, 2026-yilga borib bu koʻrsatkichni 9, 6 million nafarga yetkazish koʻzlanyapti.
OSMON TOQIGA MONAND MASKAN
Samarqand osmonidagi yulduzlar tunda yanada yorqiroq nur taratadi. Hazrat Navoiyning yozishicha, jahon ichra yana bir osmon boʻlgan, Bobirning taʼrificha, Quyosh, Oy, sayyora va yulduzlar harakati oʻrganilgan Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi Koʻhak tepaligining etagida joylashgan. Bu yerdan kechalari koʻk toqi kaftdagidek namoyon boʻladi. Oʻsha davrlardayoq, rasadxonaning ichki devorlarida osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, togʻ, dengiz, mamlakatlar belgilangan Yer shari tasviri ishlangan. Shu yerda yaratilgan va asrlar davomida astronomik masalalarni hal qilishda Sharqda va Yevropada foydalanib kelingan “Ziji Koʻragoniy” asarida 1018 ta yulduzning aql bovar qilmas aniqlikdagi jadvali tuzilgan...
Samarqand aeroportiga tunda samolyotda kelib qoʻnar ekansiz, xayolingizga beixtiyor ana shu tarixiy maʼlumotlar keladi. Bunga undovchi yana bir jihat ham bor. Yangi aeroportining meʼmoriy binosi “Ziji Koʻragoniy” kitobiga muqoyasa tarzida barpo etilgan, tomida esa, yulduzlar turkumi tasviri tushirilgan osmon koʻrinishi aks etgan. Fazodan qaraganda, ayniqsa, tungi osmonda bu koʻrinish juda ajoyib va ulugʻvor manzara kasb etadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu chiroqlar 50 kilometr olisdagi masofadan ham koʻzga tashlanib turadi.
Xalqaro terminalning tashqi dizayni Boku va Istanbul aeroportlariga oʻxshashi bejizga emas. U Turkiyaning muhandislik kompaniyasi tomonidan yaratilgan meʼmoriy loyiha asosida bapo etildi.
— Yangi terminal qurish loyihasi “Air Maracanda” xorijiy korxonasi va jamiyatimiz oʻrtasida imzolangan Oʻzbekiston aviatsiya tarixidagi birinchi davlat-xususiy sheriklik kelishuvi doirasida amalga oshirildi, — deydi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyat boshqaruvi raisi Raʼno Joʻrayeva. — Har birimizning oʻz investitsiya dasturimiz bor edi. Davlat hamkorining oldiga — aerodromni, yaʼni uchish-qoʻnish yoʻlaklarini qurishni, xususiy sherik esa —terminalni barpo etish va uning faoliyatini boshqarishni oʻz zimasiga oldi.
Bir kunda 70 ta samolyotga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgang yangi terminal joriy yilning 1-aprelidan oʻz faoliyatini boshladi. Buning uchun investor tomonidan 70 million AQSH dollar miqdorida sarmoya yoʻllandi. Unda 29 ta roʻyxatga olish peshtaxtasi, 8 ta chiqish yoʻlagi, 4 ta teleskopik trap, uchib kelgan yoʻlovchilar uchun 15 ta pasport nazorati kabinasi mavjud.
— Aeroport eng soʻngi rusumldagi texnologiyalar bilan taʼminlangan, — deydi “Samarqand” xalqaro aeroporti bosh direktori oʻrinbosari Hilmi Yilmaz. — Bu yuklarni qabul qilish va joʻnatish, roʻyxatdan oʻtish kabi xizmat koʻrsatish jarayonlari qisqa muddatda va sifatli bajarilishini taʼminlayapti. Kutish zalida yoʻlovchilar uchun zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Bu yerdagi bolalar maydonchasi, ibodatxona, tamaddi qilish va savdo nuqtalari ularga tunu kun xizmat koʻosatadi.
Yangi aeroport rejalashtirilgan parvozlar sonini haftasiga 40 tadan 120 tagacha oshirish imkonini beradi, perronning modernizatsiya qilinishi tufayli samolyotlar toʻxtash joylari soni 24 taga yetkazildi.
“Air Marakanda” kompaniyasi xodimlari Germaniyaning “Myunxen” va Turkiyaning “Istanbul” xalqaro aeroporti mutaxassislari bilan hamkorlikda Samarqand xalqaro aeroportini yirik transport va sayyohlik markaziga aylantirish ustida boshlangan ishlarni davom ettirmoqda.
ZAMONAVIY TALABLARGA MOS LOYIHALAR
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida “Toshkent” xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish hisobiga uchib ketish zali ochilgan edi. Bu uning oʻtkazuvchanlik imkoniyatini ikki barobarga kengaytirdi. Ayni paytda yoʻlovchilarga 12 ta roʻyxatga olish zonasi, bojxona va chegara, aviatsiya xavfsizligi nazorat punktlari, teleskopik trap, avtobuslarga chiqish uchun 2 ta qoʻshimcha yoʻlaklar xizmat koʻrsatyapti. Ular bu yerdagi doʻkonlar, kafelar hamda zamonaviy ona va bola xonasidagi qulayliklardan ham bahramand boʻlishlari mumkin.
— Bu loyihaning dastlabki bosqichi edi, — deydi Raʼno Joʻrayeva. — Hozirgi kunda aeroportdagi xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha uchib ketish zalining ikkinchi navbati modernizatsiya qilinyapti. Uning ishga tushishi bilan yoʻlovchilarni oʻtkazish quvvati soatiga 2400 nafarga yetadi, qoʻshimcha zamonaviy xizmat koʻrsatish turlari bilan boyiydi. Tez orada Qarshi aeroportidagi uchish zalini qayta qurish, Termizdagi qoʻnalgʻani yangilash ishlari ham nihoyasiga yetadi.
Bunday saʼy-harakatlarni izchil davom ettirish maqsadida mamlakatimiz aeroportlarini 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan. Prezidentimizga taqdimotda ushbu strategiyani 2026-yilgacha amalga oshirish dasturi muhokama qilindi. Bunda aeroportlarni ixtisoslashtirish, jumladan, Toshkent aeroportini xalqaro xab, Navoiy aeroportini yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini turizm xablariga aylantirish koʻzda tutilyapti.
Prezidentimizga taqdimotda Buxoro va Urganch aeroportlarini qayta qurish loyihalari haqida ham soʻz bordi. Yoʻlovchilarni oʻtkazish quvvati soatiga 1100 nafar boʻlishi kutilayotgan Buxoro earoportini qurishga 136 million dollarlik investitsiya kiritilishi moʻljallanyapti. Urganchda soatiga 1200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan yangi aeroport 177 million dollarlik sarmoya tikishni taqozo etadi. Ularning meʼmoriy qiyofasida tarixiy shaharlarimizning oʻziga xos jozibali jihatlari oʻz ifodasini topadi. Boshqaruv va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha masalalar xuddi Samarqand xalqaro aeroportidagi kabi davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi moʻljallanyapti.
Maʼlumki, Fargʻona vodiysidagi uchta — Andijon, Namangan va Fargʻona aeroportlari shaharlar ichida joylashgani va atrofi bino-inshootlar bilan zich oʻralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan. Shu bois ushbu viloyatlarning oʻrtasida 20-30 yillik istiqbolni inobatga olgan holda, yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda.
— Hozirgi paytda bizda vodiydagi aeroportlarni rivojlantirish boʻyicha ikkita ssenariy mavjud, — deydi Raʼno Joʻrayeva. — Birinchisi — Namangan, Fargʻona va Andijondagi havo manzillarini tubdan qayta qurishni nazarda tutadi. Maʼlumki, bu shaharlar jadal rivojlanib, hududlari kengayib boryapti. Joʻgʻrofiy jihat uchta aeroportda ham samolyotlarning uchish va qoʻnishini faqat bir tomonlama amalga oshirishni taqozo qiladi. Bu esa, parvozlar sonini oshirishni murakablashtiradi.
Ikkinchi ssenariyga koʻra, vodiy viloyatlari oʻrtasida yangi aeroportni qurish. Bu hududlarning sayyohlik va transport infratuzilmasini rivojlantirishga yangi koʻlam baxsh etadi. Unda parvozlar sonini kuniga 40-45 taga yetkazgan holda, eng tigʻiz paytlarda 5000 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish mumkin boʻladi.
Umuman olganda, 2026-yilga qadar aeroportlarni taʼmirlash va yangilarini qurishga 829 millionov dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltiriladi. Uning 287 millionov dollarini shu yilning oʻzida oʻzlashtirish nazarda tutilgan.
Huddudiy parvozlar miqyosini yanada kengaytirish ham kun tartibidagi dolzarb masala boʻlib turibdi. Sayyohatlarni tashkil etishda havo transporti eng muhim vositalardan biri sanaladi. Shu yil 26-aprel kuni Prezident raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishda sayyohlarning xorijiy va ichki aviaqatnovlarga boʻlgan talabini qondirish boʻyicha ham qator vazifalar belgilab berildi. Jumladan, 1-iyuldan boshlab, “Ziyorat turizmi” dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga koʻrsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi. 1-oktyabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga moʻljallangan yangi “Silk avia” kompaniyasi tashkil etiladi. Xarajatlarni kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot toʻliq ekonom-klassga oʻtkaziladi.
— Oldimizda ichki parvozlarni nafaqat “point to hub” (poytaxtdan hududlarga) tamoili asosida, shu bilan birga, “point to point” (hududlararo) uslubi boʻyicha amalga oshirish vazifasi turibdi, — deydi Raʼno Joʻrayeva. — Hozirgi kunda qirqqa yaqin yoʻnalishni ishga tushirish uchun 70 nafargacha yoʻlovchini tashiydigan samolyotlarni xarid qilish ustida ish olib borilyapti. Uchish narxlari temir yoʻlniki bilan baravar boʻlishi rejalashtirilmoqda. Chiptalar narxining pasayishi ichki sayyohlikni rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Osmon ochiq va musaffo boʻlsa, qushlar parvozi sarbaland, odamlar kayfiyati koʻtarinki boʻladi. Oltin qanot qushlarning erkin uchishi uchun qulay shart-sharoit, zamonaviy infratuzilma zarur. Xorij yoki qadrdon yurtdagi shahar safarini niyat qilgan yoʻlovchilar moʻtadil narxda sifatli xizmat koʻrsatilishidan manfaator. Ularning barchasi mujassam boʻlgan aviqoʻnalgʻalarga havo kemalari ham, yoʻlovchiyu sayyohlar ham oshiqaveradi. Bu nainki aeroportlarning iqtisodiy salohiyatini, ayni kezda yurtimiz xalqaro nufuzi va imijining oshishiga ham xizmat qiladi.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi