Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasida 2005-yildan buyon Toshkent arxitektura-qurilish institutining “Arxitektura muhitini loyihalash” kafedrasi oʻqituvchisi, yoshlar koʻrgazmalari tashkilotchisi, respublika va xalqaro arxitektura loyihalari tanlovlarining diplom laureati Marina Borodinaning “Litosferalar” nomli koʻrgazmasi tashkil etildi.

1992-yildan Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Marina Borodina 1969-1973-yillarda P.P.Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtidagi L.Ryabsev ustaxonasida va 1973-1978-yillarda Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutida “Monumental-dekorativ sanʼat” kafedrasida tahsil oldi. U Oʻzbekistondagi serqirra haykaltaroshlardan biridir. U kuchli, faol, oʻziga xos fikrlash qobiliyati ega. U aniq mezon, qoliplarga bogʻlanib qolmaydi, aksincha badiiy tendensiyalarni shakllanishiga, sanʼat oqimiga taʼsir etuvchi va ibrat boʻluvchi ijodkordir.

Marina Borodina ijodini kuzatar ekansiz, u shunchaki yuzakilik bilan emas, balki har bir asarga alohida ichki xohish bilan yondashadi va oʻzgacha yechim xosil qiladi. Haykalni ichki va tashqi muxitini hamda mazmun va makon uygʻunligini topa oladi. Shu maʼnoda ham Marina Borodina izlanuvchan ijodkor, u oddiy ashyolardan foydalanib, rassomning his-tuygʻulari va gʻoyalarini aniqlikda ifoda etuvchi va ​maftunkor goʻzallikni bera oladigan qobiliyat sohibasi.

Marina Borodinaning asarlari nafaqat uning boy tasavvurlari balki, joziba va nafis soddalik muhabbati bilan boyitilgan qalbining sadosidir. Ijodkor oʻz oldiga qoʻygan murakkab vazifalarni oddiy ijro va oʻzgacha yechim bilan yakunlaydiki har bir insonni hayratda qoldiradi va ilhomlantiradi.

Marina Borodinaning ijodiy imkoniyatlari keng va xilma-xiligini Galereyaning foye qismida kuzatish mumkin. U yerda ijodkorning amalga oshgan hamda rejalashtirilgan loyihalari taqdim etilgan.

Marina Borodina qiziqishlarining yana bir jihati — pedagogik faoliyatdir. Unda rassomning muhim isteʼdodi oʻzini namoyon qiladi. Marina Rostislavovna oʻz shogirdlari bilan birgalikda ulugʻvor monumental kompozitsiyalar yaratadi, ularga gʻayritabiy fikrlashni, yaratishni va doimo izlanishda boʻlishni oʻrgatadi.

Koʻrgazmada M. Borodinaning “Sintez xudojestvennogo tvorchestva i nekotorыx aspektov obrazovaniya” monografiyasi taqdim etildi.

Sayyora Nazarova,

Galereya NBU sanʼatshunosi