JSST bezgakka qarshi yangi vaksinani tasdiqladi

    Bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan yangi vaksina tasdiqlandi. U bundan ikki yil avval foydalanishga tavsiya etilgan ilk muqobilidan, eng avvalo, arzonligi bilan farqlanadi.

    Ma’lum qilinishicha, dunyoda yiliga o‘rtacha 247 million kishiga bezgak tashxisi qo‘yilyapti. Qurbonlar soni 600 ming nafardan oshmoqda.

    Ushbu ko‘rsatkichlarning o‘rtacha 95 foizi Afrika qit’asida ro‘yxatga olinyapti. Eng yomoni, mintaqada ushbu infeksiya oqibatida hayotdan ko‘z yumayotganlarning 80 foizi — besh yoshgacha bo‘lgan bolalar.

    Bunday murakkab epidemiologik vaziyat bezgakka qarshi yangi vaksina yaratish jarayonini yanada jadallashtirib yubordi va nihoyat ijobiy natijaga erishildi ham.

    Yangi emlash vositasi R21 deb nomlandi. Uning mualliflari — Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti olimlari.

    Ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki vaksinaning samaradorligi o‘xshash. Shunga qaramay, R21 ning bir dozasi 2-4 dollarga teng va bir kishi uchun to‘rt doza talab etiladi. Bu, avvalgi RTS,S vaksinasi narxidan ikki barobar arzon.