“Bezovta oyoqlar” sindromi nima?

    Baʼzi dorilar mazkur sindromni qoʻzgʻatishi yoki simptomlarni yomonlashtirishi mumkin.

    Nerv tizimining buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan mazkur sindrom koʻpincha odamlarning uyqu rejimiga va hayot sifatiga salbiy taʼsir qiladi. Koʻpincha kechasi yoki dam olish vaqtida oyoqlarda paydo boʻladigan noqulaylik va majburiy harakatlar bilan tavsiflanadi.

    Noqulaylik hissi sindromning asosiy belgilaridan biri sanaladi. Mutaxassislar fikricha, bu tuygʻu koʻpincha “yonish” yoki “qichishish” deb ham taʼriflanadi. Yana bir muhim belgisi odamlar oʻzlari his qilgan noqulaylikni yengish uchun oyoqlarini harakatlantirish zarurligini his qiladi. Shuningdek, bezovta oyoq sindromi koʻpincha uyqu tartibiga jiddiy taʼsir qiladi. Simptomlar, ayniqsa, kechqurun va tungi soatlarda ogʻir boʻlib, uxlashda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.

    Bezovta oyoq sindromining aniq sababi nomaʼlum. Ammo, bir nechta omillar ushbu sindromning rivojlanishiga yordam beradi.

    Bular:

    • Genetik moyillik, yaʼni Oila aʼzolarida ushbu sindrom tarixi boʻlgan odamlarda xavf yuqori.
    • Temir tanqisligi: Temir tanqisligi bezovta oyoq sindromining xavfini oshirishi yoki simptomlarni yomonlashtirishi mumkin
    • Homiladorlik: Homiladorlik davrida gormonal oʻzgarishlar va qon hajmining ortishi ham mazkur sindrom belgilarini keltirib chiqarishi mumkin.
    • Baʼzi dorilar: Shifokorlar fikricha, baʼzi dorilar ham bu sindromni qoʻzgʻatishi yoki simptomlarni yomonlashtirishi mumkin. Masalan, antidepressantlar, ogʻriq qoldiruvchi dorilar.