- Bizning zamin azaldan kuragi yerga tegmagan polvonlar, bahodirlar yurti boʻlgan. Mard, tanti, mehmondoʻst xalqimiz shuhrati dunyoga maʼlum. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ajdodlarimiz kuch-gʻayratini, qudratini dunyo ahli yaxshi biladi. Bu hozir ham davom etmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sportga, sportchilarga eʼtibori, gʻamxoʻrligi, yaratilgan shart-sharoitlar tufayli Oʻzbekiston yigit-qizlari olamshumul yutuqlarni qoʻlga kiritib, yurtimiz sharafini baland koʻtarmoqda. Ehtimol, gaplarim erish tuyular. Ammo, bu — haqiqat.
Masalan, oʻzim. Garchi bir necha marotaba chempionlikni qoʻlga kiritgan boʻlsam-da, yaqin yillargacha meni hech kim tanimas edi. Ustoz-murabbiylarimdan boshqa birorta mutasaddi rahbar taqdirim va yutuqlarim uchun jon kuydirmagan. Nokamtarlik boʻlsa-da, ochigʻini aytishim kerak, dunyoga Bahodir Jalolov boʻlib tanilishim Prezidentimizning oʻzbek sportchilariga alohida eʼtibori, qoʻllab-quvvatlovi, ishonchi samarasidir. Bu ishonch va motivatsiyani bugun har bir sportchi faoliyatida koʻrish mumkin. Buni biz har bir gʻalabamizda his qilamiz.
Bugun Dubaydaman. Bu yerda 18-mart kuni boʻlib oʻtadigan musobaqaga tayyorgarlikni boshladik. Lekin koʻnglim ona yurtimda, xayolim esa Prezidentimiz imzolagan qarorda. Bu qarorning qabul qilinishi, toʻgʻrisini aytsam, bilagimga kuch, shijoatimga ruh bagʻishladi.
Prezidentimiz bizga boks mahorati maktabini ochib berdi. Endi biz bu maktabda dunyoga mashhur sportchilarni tarbiyalashimiz kerak. Albatta, bu sharafli vazifani bajonidil bajaramiz. Iqtidorli sportchi ukalarimizga bor mahoratimizni oʻrgatamiz. Bu istiqbolli ishni chempion doʻstlarim, yelkadosh ustozlarim, yaqinlarim, sport sohasining jonkuyar vakillari va mutasaddi rahbarlari bilan hamjihatlikda amalga oshiramiz.
Xudo xohlasa, qutlugʻ niyat bilan asos solinayotgan boks maktabimizga Oʻzbekistondagi eng mahoratli murabbiylarni tanlab olamiz va yurtimiz shaʼnini himoya qiladigan yosh bokschilarni tarbiyalab, dunyo ring maydonlariga chiqaramiz.
Prezidentimizning menga bildirgan yuksak ishonchini fidoyi mehnatim, izlanishlarim va hozir tilimga chiqara olmayotgan ezgu niyatlarim, yorugʻ rejalarim natijasi bilan, albatta, oqlayman. Mamlakatimizning tobora yuksalib borayotgan kuch-qudratini, salohiyatini, boks maktabimizda taʼlim oladigan yosh, epchil sportchilarimizning kelajakdagi gʻalabalari bilan yanada mustahkamlaymiz.
Bilakdagi kuch, ongimizdagi tafakkurimiz bilan hali dunyo sport maydonlarida yanada ulkan zafarlar quchamiz. Oʻzbekning bolalari dunyo maydonlarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib, Vatan madhiyasini baralla kuylayveradi.
Ishonchimiz komilki, oʻzbek boks maktabi dunyodagi eng kuchlilardan biri sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi.
Bahodir JALOLOV,
Tokio Olimpiadasi gʻolibi,
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi